Kiyev yaqinida ukrainlarning yana bir ommaviy qabri topildi
Olam
−
11 aprel 2022
15727Ukrainaning Rossiya armiyasidan ozod qilingan Kiyev viloyati hududlarida tinch aholining yana bir ommaviy qabri topildi. Bu haqda Ukraina Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Anton Gerashenko ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, Buzova qishlog‘ida ommaviy qabr topilgan.
“Yaqin atrofda 17 yoshli o‘smir tiriklayin yoqib yuborilgan, ayolning boshi uzilib ketgan mashina bor”, deya Gerashenkoning so‘zlaridan iqtibos keltirgan “Ukrinform”.
Uning qayd etishicha, mahalliy hukumat fevral oyi oxiridan beri kamida 50 nafar tinch aholi rossiyalik harbiylar qo‘lidan halok bo‘lgan, deb hisoblaydi.
Ukraina rasmiylari avvalroq Irpen, Bucha va Gostomel shaharlari hamda bir qator qishloqlarda, shu jumladan, aprel oyi boshida rus qo‘shinlari tashlab chiqqan qishloqlarda tinch aholining qirg‘inlari qayd etilgani haqida xabar bergan edi.
Bosh prokuror Irina Venediktovaning so‘zlariga ko‘ra, Kiyev viloyatida allaqachon 1222 nafar tinch aholining jasadi topilgan.
“Bucha qirg‘ini”
Joriy yilning 1 aprel kuni Bucha meri Anatoliy Fedoruk Ukraina harbiylari rossiyalik bosqinchilarni chiqarib yuborganini tasdiqladi. Chekingan ruslar fuqarolik inshootlarini, infratuzilma ob’ektlarini va aholi punkti ichidagi ba’zi hududlarni minalagan.
Ozod qilingan shaharda ukrainalik harbiylar hududni diversantlar va rossiyalik sheriklardan tozalashga kirishgan.
2 aprel oqshomida Ukraina Mudofaa vaziri o‘rinbosari Anna Malyar butun Kiyev viloyati rus bosqinchilaridan ozod qilinganini ochiqladi.
Shundan so‘ng bosqinchilarning vahshiyliklari haqida ma’lumotlar paydo bo‘la boshladi. Ruslar odamlarni o‘ldirgan va zo‘rlagan, haqorat qilgan va qiynoqqa solgani aytildi. Dmitriy Komarov Buchadan dahshatli kadrlarni ko‘rsatdi va aholi nonni ko‘rganda shunchaki yig‘layotganini aytdi. Keyinchalik tarmoqda paydo bo‘lgan Buchadan olingan hayratlanarli fotosuratlarda bog‘langan odamlar o‘ldirayotgani ma’lum bo‘ldi. Ukrainaliklar ommaviy qabrlarga dafn qilingan. Ba’zi jasadlar ko‘chalarning o‘rtasida qolgan.
Bucha voqealari haqiqati oshkor bo‘lgach, dunyo davlatlari uni qoraladi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar paketini ishlab chiqishni boshladi.
Rossiya Mudofaa vazirligi Buchadagi voqealarni Moskvaga qarshi provokatsiya va sahnalashtirilgan deb atadi.
LiveBarchasi