Kiyev tongini qonga belagan “Kamikadze” dronlarining “vasiy”si kimligi ma’lum bo‘ldi  

Olam

image

Rossiya tomonidan Ukraina hududlarida foydalanilgan “Kamikadze” dronlari katta ehtimol bilan Eronga tegishli ekanligi aytilmoqda va bu Eronning BMT sanksiyalarini ochiq-oydin chetlab o‘tayotgani haqida signal bo‘ldi. Bu haqda BBC xabar berdi.

Eronning Rossiyaga portlovchi, uchuvchisiz samolyotlar yetkazib berishi BMT sanksiyalarini buzish ekanligini AQSH va uning G‘arb ittifoqchilari tomonidan  ta’kidlandi. 

“Kamikadze” deb ataluvchi dronlar kecha, 17 oktyabr kuni Kiyevga Rossiya tomonidan uchirildi va katta ehtimol bilan bu “uchoq”larning Eronda ishlab chiqarilgani taxmin qilinmoqda.

AQSH Davlat departamenti Fransiya va Britaniyaning dronlar BMT Xavfsizlik Kengashining 2231-rezolyutsiyasini buzganligi haqidagi bahosiga qo‘shilishini aytdi.

Eronning yadroviy kelishuvi bilan bog‘liq bo‘lgan ushbu rezolyutsiya uning ayrim harbiy texnologiyalarni boshqa davlatlarga yetkazib berishini taqiqlaydi.

Ukraina dronlarni Eronning “Shahid-136” quroli ekanligini aniqladi. Ular Ikkinchi Jahon urushida o‘z joniga qasd qilish missiyalarini bajargan yapon qiruvchi-uchuvchilari sharafiga “Kamikadze” dronlari deb ataladi.

“Bizning ishonchimiz komilki, Erondan Rossiyaga olib kelingan va Rossiya tomonidan Ukrainada qo‘llanilgan bu uchuvchisiz uchoqlar 2231 yilda ham embargoda turadigan qurollar qatoriga kiradi”, deydi davlat departamenti vakili Vedant Patel.

Eron hukumati esa dronlarni Rossiyaga yetkazib bermaganini aytmoqda.

O‘zini o‘zi boshqaradigan bu “shovvoz”lar ta’sirida Ukrainaning Kiyev, Dnepr va Sumi viloyatlarida muhim infratuzilmaga zarar yetdi, yuzlab shahar va qishloqlarda elektr energiyasi uzildi, deya ma’lum qildi Kiyev hukumati.

Hujum oqibatida kamida sakkiz kishi halok bo‘ldi – to‘rt nafari Kiyevda, to‘rt nafari Sumida. AQSH “Rossiyani harbiy jinoyatlari uchun javobgarlikka tortishini” ma’lum qildi.

Patelning aytishicha, Rossiya va Eron o‘rtasidagi ittifoqning chuqurlashishi butun dunyo tahdid sifatida ko‘rishi kerak.

Yevropa Ittifoqining Tashqi siyosat bo‘yicha rahbari Jozep Borrelning aytishicha, Yevropa Ittifoqi ham Eron uchuvchisiz uchoqlari bo‘yicha dalil to‘plamoqda va chora ko‘rishga tayyor, bu esa sanksiyalarning kuchayishini nazarda tutadi.

Eron bilan 2015 yilgi yadroviy kelishuvni qayta tiklash bo‘yicha muzokaralar hozirda to‘xtab qolgan. G‘arb davlatlari bilan tuzilgan kelishuvga ko‘ra, Eron o‘zining nozik yadroviy faoliyatini cheklashga va iqtisodiy sanksiyalarni bekor qilish evaziga xalqaro inspektorlarni kiritishga rozi bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, kecha 17 oktyabr kuni Ukraina hududi bo‘ylab Kiyevga uyushtirilgan dronlar hujumlari hamda Dnepr va Sumi viloyatlariga raketa zarbalaridan so‘ng havo ogohlantirishi e’lon qilindi. Ukraina poytaxtida havo hujumi 3 soat 8 daqiqa davom etdi, yangi zarbalar soat 9:31 da berildi. Erta tongda signal qabul qilingani sababli, dushanba kuni Kiyevdagi barcha ta’lim muassasalari masofaviy ish rejimiga o‘tkazildi.

Musulmon Ziyo


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin Kamikadze-dron

Baholaganlar

790

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing