Kiyev meri aholini shahardan vaqtincha ketishga chaqirdi
Olam
−
16:47 1625 2 daqiqa
Kiyev meri Vitaliy Klichko Rossiya hujumlari kuchayib, qish mavsumida elektr, isitish va suv ta’minotida jiddiy uzilishlar yuz berishi mumkinligi sababli aholiga shahardan vaqtincha ketishni tavsiya qildi. Bu haqda u kecha, 8 oktyabr kuni “France-Presse“ agentligiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Klichkoning aytishicha, Kiyevdan tashqarida do‘stlari yoki qarindoshlari bor aholi vaqtincha ularning yoniga ko‘chib turishni ko‘rib chiqishi kerak. Biroq mer shaharni to‘liq evakuatsiya qilishga chaqirmasligini bildirgan.
“Bu Putinning maqsadi... Uning uchun eng yaxshi ssenariy – barchamiz ketishimiz va bo‘shab qolgan shaharlarimiz hamda mamlakatimizni unga topshirishimiz”, degan Klichko.
Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi haftalarda Rossiya Kiyevga kunduzi ham raketa va dronlar bilan hujum qilishni kuchaytirgan. Zarbalarda ko‘priklar, shahar markazi va energetika infratuzilmasi nishonga olinmoqda. Hujumlar elektr ta’minotida uzilishlarga sabab bo‘lmoqda, hafta boshida esa poytaxtning ayrim hududlarida bir necha soat davomida suv bo‘lmagan.
Klichko qish mavsumida o‘tgan yilgi vaziyat takrorlanishidan xavotir bildirgan. O‘shanda havo harorati minus 20 darajagacha tushgan, elektr va isitish ta’minoti esa bir necha kun davomida uzilib qolgan edi.
“Qanchalik yaxshi tayyorgarlik ko‘rmaylik, agar havo hujumidan mudofaa tizimi ishlamasa, vaziyat yomon tus olishi mumkin”, degan mer.
Kiyev shahar ma’muriyatining sog‘liqni saqlash boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyaning 2022 yildan buyon amalga oshirgan hujumlari oqibatida poytaxtda kamida 534 kishi halok bo‘lgan. Joriy yilning o‘zida 189 kishi qurbon bo‘lgan. Bu 2025 yil davomida qayd etilgan ko‘rsatkichdan ko‘p.
Shahar ma’muriyati qishga tayyorgarlik doirasida muqobil isitish tizimlarini barpo etib, yoqilg‘i, oziq-ovqat va ichimlik suvi zaxiralarini to‘plamoqda. Klichko esa suv ta’minoti infratuzilmasiga zarar yetishi katta inqirozga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirgan.
Shuningdek, Rossiyaning Dnepr daryosi ustidagi ko‘priklarga bergan zarbalari shaharning ikki qirg‘og‘i o‘rtasidagi transport harakatiga ta’sir ko‘rsatmoqda. Shahar ma’muriyati tirbandlikni kamaytirish uchun muqobil ponton o‘tish joylarini tashkil etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq britaniyalik siyosatshunos Aleksandr Merkuris Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Kiyevni tark etib, mamlakatning g‘arbiy hududlariga qochib ketishi mumkinligini aytgan edi.
Live
Barchasi