Kiyev Braziliyani Putinni hibsga olishga chaqirdi
Olam
−
19 Oktabr
9986Ukraina Bosh prokurori Andrey Kostin Braziliya rasmiylaridan Rossiya Prezidenti Vladimir Putin joriy yilning noyabr oyida Rio-de-Janeyroda bo‘lib o‘tadigan G20 sammitida ishtirok etsa, uni hibsga olishni so‘radi. Bu haqda “The Moscow Times” xabar berdi.
Putinning G20 sammitiga kelishi Xalqaro jinoiy sud Rossiya Prezidentini hibsga olishga order bergani sababli bu davlat rahbariyatiga muammolar tug‘dirishi mumkin.
Kostin “Reuters” agentligiga bergan intervyusida Putinning sammitda ishtirok etishi mumkinligi haqida ma’lumot olgani va Braziliya Xalqaro jinoiy sud yurisdiksiyasi ostidagi davlat sifatida unga nisbatan berilgan orderni bajarishi kerakligini aytgan. Kostinning so‘zlariga ko‘ra, xalqaro hamjamiyat birlashishi va Putinni javobgarlikka tortishi juda muhimdir.
“Putinning Braziliyada bo‘lib o‘tadigan G20 sammitida ishtirok etishi mumkinligi haqidagi ma’lumotlar bilan bog‘liq holda, Braziliya rasmiylari Rim statutiga a’zo davlat sifatida, agar Putin u yerga borishga jur’at etsa, uni hibsga olishga majbur ekanligini yana bir bor ta’kidlamoqchiman. Braziliya demokratik va huquqiy davlat maqomini tasdiqlagan holda, uni hibsga olishiga chin dildan umid qilaman”, degan Ukraina Bosh prokurori.
Agentlikning Braziliya hukumatidagi ikki manbasi Rossiya Prezidentiga sammitda qatnashish uchun standart taklifnoma yuborilganini aytgan. Suhbatdoshlarning so‘zlariga ko‘ra, Putin tadbirda ishtirok etishni rejalashtirayotganini hali tasdiqlagani yo‘q. Davlat rahbarining matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa bu borada rasmiy ma’lumot berilishini aytgan.
Braziliya Prezidenti Luis Inasiu Lula da Silva 2023 yilning kuzida Putin davlat rahbari lavozimini egallab turib, Braziliya hududiga xavfsiz tashrif buyurishi mumkinligini aytgandi. U o‘z mamlakati Xalqaro jinoiy sud oldidagi majburiyatlariga qaramay, Rossiya rahbari Braziliyada hibsga olinmasligiga ochiq va’da bergandi. Keyinroq Lula da Silva aniqlik kiritishicha, Putinning hibsga olinishi mumkinligi haqidagi qarorni hukumat emas, sud qabul qiladi. Aprel oyida esa Braziliya Rim nizomida ishtirok etmaydigan davlat rahbarlari uchun immunitet joriy etish tarafdorligini bildirgandi.
Sentyabr oyida Putin Mo‘g‘ulistonga rasmiy tashrif bilan borgan, u ham 2002 yildan beri ISS yurisdiksiyasi ostida. Safar oldidan Kiyev Ulan-Batorni Rossiya Prezidentini hibsga olishga chaqirdi. Shu bilan birga, “Bloomberg” manbalariga tayanib, Rossiya yetakchisiga Mo‘g‘uliston hududida daxlsizlik kafolatlanganini yozdi.
Putinning Mo‘g‘ulistonga tashrifi yakunlangach, Ukraina Tashqi ishlar vazirligi Mo‘g‘uliston Tashqi ishlar vazirligining Yevropa va Afrika departamenti rahbari Ganxuray Battungalagga demarsh e’lon qildi. O‘z navbatida, Mo‘g‘uliston hukumati Rossiya Prezidentini ISS buyrug‘i bilan hibsga olishdan bosh tortishini energiyaga qaramlik va betaraflik siyosati bilan izohladi. Mo‘g‘uliston hukumati vakili mamlakatga neft mahsulotlarining 95 foizi va elektr energiyasining 20 foizdan ortig‘i qo‘shni davlatlardan import qilinishini qayd etdi.
10 oktyabr kuni Ukraina Tashqi ishlar vazirligi Rim statutini imzolamagan Turkmaniston rasmiylariga Putinni hibsga olish to‘g‘risida murojaat e’lon qildi. Ertasi kuni Rossiya Prezidenti bu davlatga rasmiy tashrif bilan keldi.