Braziliya-Italiya o‘rtasidagi kokain kontrabandasi tarmog‘i fosh bo‘ldi
Olam
−
11 dekabr
442Braziliya va Italiya hukumatlari yuk kemalari va samolyotlar yordamida kokainni Janubiy Amerikadan Yevropaga olib o‘tishning oldini olishga qaratilgan ikkita qo‘shma operatsiyani amalga oshirdi. Bu haqda “Reuters” nashri xabar berdi.
Tergovchilar ko‘rsatgan ma’lumotlarga ko‘ra, xalqaro narkotik savdosida gumonlangan jinoiy guruhlar a’zolarining Braziliyada 18 nafari, Ispaniyada esa 1 nafariga nisbatan hibsga olish uchun order berilgan. Shuningdek, Braziliyaning eng yirik jinoiy to‘dalaridan biri Primeiro Comando da Capital(PCC) ga tegishli bo‘lgan 12 ta mulk bloklangan. Italiya politsiyasi esa besh kishini hibsga olgan.
Ma’lum bo‘lishicha, tegishli organlar Braziliyadagi yettita shtatdagi manzillarda 46 ta tintuv va olib qo‘yish protsessual harakatlarini olib borgan. Ushbu operatsiyalar davomida ja’mi 36 kishi va 43 kompaniyaning aktivlari muzlatilgan.
Braziliya bosh prokuraturasi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu kokain tranziti Primeiro Comando da Capital bilan Italiyaning eng kuchli mafiya guruhi Ndrangheta hamkorligida yo‘lga qo‘yilgan.
Braziliya federal politsiyasi va bosh prokuraturasining hisob-kitoblariga ko‘ra jinoiy tashkilot 2018-2022 yillar davomida 330,4 million dollardan ortiq moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirgan murakkab pul yuvish tarmog‘iga ega bo‘lgan.
Braziliya va Italiya sudlari har ikki mamlakat prokurorlarining so‘rovlaridan so‘ng 126 million real (Braziliya pul birligi) qiymatidagi aktivlarni blokirovka qilish va ko‘chmas mulkni musodara qilishga qaror qildi.
Tekshiruvlar shuni ko‘rsatadiki, jinoiy guruh Braziliyaning Paranagua porti orqali katta miqdordagi kokainni Ispaniyaning Valensiya portiga olib kirgan va shu yerdan butun Yevropaga tarqalgan. Giyohvand moddalar keramika, sanitariya-gigiyena buyumlariga yoki yog‘och kontainerlariga yashirilgan holda tashilgan. Shuningdek, kokainning bir qismi xususiy samolyotlar tomonidan Belgiya aeroportlariga ham olib o‘tilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 28 noyabr kuni ham Kolumbiya huquq-tartibot idoralari va ularning 62 davlatdagi hamkasblari tomonidan tashkil qilingan “Orion” operatsiyasi davomida kokain olib ketayotgan oltita dengiz kemasini to‘xtatilib, jami 1000 tonnadan ortiq marixuana va 225 tonna kokainni musodara qilingan edi.
Diyorjon Quvondiqov