Kiyev AQSHdan kechirim so‘rashdan bosh tortdi
Olam
−
07 mart
9618Ukraina rasmiylari Oq uyda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy va Amerika rahbariyati o‘rtasidagi kelishmovchilik uchun AQSHdan kechirim so‘ramaydi. Bu haqda Ukraina Prezidenti devoni rahbari maslahatchisi Mixaylo Podolyak Fransiyaning “Le Point” nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“Zelenskiy ham shaklan, ham mazmun jihatdan mutlaqo haq edi, u amerikalik sheriklarimizga asosiy g‘oyani yetkazmoqchi bo‘ldi: Rossiyaga bosim o‘tkazmasdan, hech narsa qilinmaydi”, dedi u.
Podolyakning qo‘shimcha qilishicha, Kiyev “aslida qilinmagan xato uchun” kechirim so‘ramaydi.
U, shuningdek, Zelenskiy Oq uyda kamsitilganiga ishonmasligini bildirdi va suhbatning o‘zini “siyosiy yetakchilar o‘rtasidagi juda emotsianal munozara” deb atadi.
“Ajablanarlisi shundaki, uchrashuv qaysidir ma’noda foydali bo‘ldi. Farqlarimizni ta’kidlab, biz o‘z qarashlarimizni aniqlashtirishimiz mumkin”, deydi Podolyak.
Oval ofisdagi janjal
AQSH va Ukraina o‘rtasida Ukraina foydali qazilmalariga kirish to‘g‘risidagi bitim 28 fevral kuni Oq uyning Oval kabinetida imzolanishi rejalashtirilgan edi, biroq imzolanish oldidan bo‘lib o‘tgan protokol tadbiri chog‘ida Zelenskiy va Tramp og‘zaki janjallashib qolgan, bunda AQSH vitse-prezidenti Jeyms Devid Vens ham ishtirok etgan. Oqibatda Zelenskiy Oq uyni muddatidan oldin tark etishga majbur bo‘ldi va kelishuv imzolanmadi.
Zelenskiy janjaldan so‘ng darhol “Fox News” telekanaliga bergan intervyusida boshlovchining bo‘lgan voqea uchun uzr so‘rash zarurligini his qildimi yoki yo‘qmi degan savoliga javob berar ekan, Qo‘shma Shtatlardan minnatdor ekanini, biroq “men yomon ish qilganim yo‘q, deb o‘ylamayman” va “ba’zi narsalarni kameradan tashqari muhokama qilish kerakligini” qo‘shimcha qildi.
Keyinroq AQSH Davlat kotibi Marko Rubio ham Zelenskiydan kechirim so‘rashni talab qildi
LiveBarchasi