Kiyev 51 davlatdan xavfsizlik kafolati olishga umid qilmoqda
Olam
−
02 Sentabr 2023 5378 2 daqiqa
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy devoni rahbarining maslahatchisi Mixail Podolyak Kiyev Ukraina uchun xavfsizlik kafolatiga aylanishi mumkin bo‘lgan davlatlar sonini ko‘paytirishga umid qilayotganini aytdi. Bu haqda u kecha, 1 sentyabr kuni mahalliy OAVga bergan intervyusida so‘z ochgan.
"Xavfsizlik kafolati bo‘yicha rasmiy paktga qo‘shilgan 28 davlatga Ukraina tarafdori bo‘lgan koalitsiya tarkibidagi qolgan barcha davlatlar ham qo‘shiladi. Bizning fikrimizcha, 51 davlat asosiy xavfsizlik kafolati paketi bo‘lishi kerak", dedi u telemarafon chog‘ida.
Ma’lumot uchun, joriy yilning iyul oyida NATOning Vilnyusdagi sammit arafasida G7 davlatlari Ukraina uchun uzoq muddatli xavfsizlik kafolatlari to‘g‘risida deklaratsiya qabul qilgan. Hujjatda Kiyev muhim harbiy salohiyatga ega bo‘lishi kerakligi aytilgan. Keyinchalik deklaratsiyaga boshqa davlatlar ham qo‘shildi. Ukraina hukumati yil oxirigacha Yevropa davlatlari bilan ikki tomonlama shartnomalar tuzishga umid qilmoqda. Muzokaralar allaqachon olib borilmoqda, xususan, AQSH va Fransiya bilan Germaniya kafolatlar formati muhokama qilinmoqda. Kiyev bu jarayonga Tokioni ham jalb etish umidida ekanini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 2 avgust kuni Prezident Vladimir Zelenskiy Belgiya, Daniya, Irlandiya, Islandiya, Ispaniya, Norvegiya, Niderlandiya, Portugaliya, Ruminiya, Finlyandiya, Chexiya va Shvetsiya Ukrainaga xavfsizlik kafolatlarini taqdim etish bo‘yicha deklaratsiyaga qo‘shilganini aytgandi. 3 avgust kuni esa AQSH Davlat departamenti Vashington va Kiyev Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlarini muhokama qila boshlaganini tasdiqladi.
Live
Barchasi