Kim tugmani bosdi: yangi “yadroviy kema” navbatchilikka kirishdi
Olam
−
16:57 3381 2 daqiqa
Shimoliy Koreya joriy yilning 6 sentyabr kuni Vonsan shahrida “Chxve Xyon” sinfidagi ikkinchi raketa tashuvchi harbiy kema – “Kan Kon”ni harbiy-dengiz kuchlari tarkibiga qabul qildi. Bu haqda marosimda ishtirok etgan Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, 5 ming tonna suv sig‘imiga ega “Kan Kon” Shimoliy Koreya harbiy-dengiz kuchlarining Sharqiy dengiz flotida xizmat qiladi. Marosimda Kim Chen Inning rafiqasi Ri Sol Ju va qizi Kim Ju E ham ishtirok etgan.
Kim Chen In kemani oddiy mudofaa vositasi emas, balki “zarba beruvchi esminets” deb atagan. Uning aytishicha, kema mamlakatning yadroviy javob tizimining bir qismi bo‘ladi.
Ma’lum qilinishicha, “Kan Kon” “Chxve Xyon” raketa tashuvchi harbiy kemasida qo‘llanadigan qurol tizimlari bilan jihozlangan. Ushbu sinfdagi kemalar qanotli raketalar va boshqa raketa tizimlarini olib yurishi mumkin. Ayrim qanotli raketalar yadroviy kallaklarni tashishga qodir deb hisoblanadi.
“Kan Kon”ning qurilishi ham muammoli kechgan. Kema 2025 yil may oyida ilk bor suvga tushirilayotgan paytda yonboshlab, qisman ag‘darilib ketgan. Shundan keyin u qutqarilib, ta’mirlangan va taxminan bir oy o‘tib qayta suvga tushirilgan. O‘tgan yil iyul oyida Shimoliy Koreya “Kan Kon” ishtirokida strategik qanotli raketalar va boshqa qurol tizimlarini sinovdan o‘tkazgan.
Shimoliy Koreya iyun oyida ushbu sinfdagi birinchi raketa tashuvchi harbiy kema – “Chxve Xyon”ni ham harbiy xizmatga qabul qilgan. U G‘arbiy dengiz flotiga joylashtirilgan. Shu tariqa Pxenyan mamlakatning sharqiy va g‘arbiy sohillarida yangi avlod raketa tashuvchi harbiy kemalarga ega bo‘ldi.
Kim Chen In marosimda Shimoliy Koreya harbiy-dengiz kuchlarini kuchaytirish bo‘yicha “muhim reja” amalga oshirilayotganini aytib, uning natijalari sakkiz oy ichida namoyish etilishini bildirgan. Biroq u rejaning tafsilotlarini ochiqlamagan.
Shuningdek, Pxenyan kelgusi yillarda 5 ming tonnadan ortiq suv sig‘imiga ega yangi harbiy kemalar va 10 ming tonnali yirik kemalarni qurishni rejalashtirmoqda. Mamlakat yadroviy dvigatelga ega suvosti kemasini yaratish ustida ham ishlamoqda.
“Kan Kon”ning xizmatga qabul qilinishi AQSH, Janubiy Koreya va Yaponiya ishtirokidagi besh kunlik “Freedom Edge” qo‘shma harbiy mashg‘ulotlari boshlanishi arafasida amalga oshirilgan. Pxenyan esa bunday mashg‘ulotlarni o‘ziga nisbatan harbiy tahdid deb hisoblaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shimoliy Koreya AQSHning mamlakatni yadroviy qurolsizlantirish haqidagi chaqiriqlarini rad etib, yadroviy qurollarini saqlab qolishi va yadroviy salohiyatini kuchaytirishda davom etishini ma’lum qilgan edi.
Live
Barchasi