Kim Chen In yirik kalibrli raketalarning otishma mashg‘ulotlarini o‘tkazdi

Olam

image

Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In o‘ta yirik kalibrli raketa tizimlaridan foydalangan holda otishma mashg‘ulotlarini o‘tkazdi. Bu haqda Koreya markaziy axborot agentligi xabar berdi.

“Koreya Ishchilar partiyasi Bosh kotibi, Davlat ishlari bo‘yicha raisi, muhtaram o‘rtoq Kim Chen In 18 mart kuni tegishli bo‘linmalarning otish mashg‘ulotlarini shaxsan nazorat qildi”, deyiladi agentlik xabarida. 


Ta’kidlanishicha, otishma mashg‘ulotlaridan maqsad "qurol tizimlarining kuchi va jangovar imkoniyatlarini tasdiqlash" bo‘lgan.

Qayd etilishicha, Kim Chen In o‘t ochish joylarini ko‘zdan kechirgan, u yerda o‘t ochishni avtomatik boshqarish tizimi bilan tanishgan, jangovar joylashish vaqtini, taktik ma’lumotlarni o‘rgangan, shuningdek, o‘t ochish xizmati vaqtida artilleriyachilarning harakatini kuzatgan.

Shundan so‘ng, Shimoliy Koreya rahbari otishmaga buyruq bergan. Kim Chen In “kutilmagan jangovar topshiriqni bajarishda artilleriyachilar yuqori manyovr, aniq va kuchli zarba berish qobiliyatini namoyish etganidan katta mamnuniyat izhor etgan”.

Agentlikning yozishicha, o‘t ochirishdan so‘ng, nishondan ma’lum bir balandlikda havoda o‘ta yirik raketa o‘q otuvchi qurol yordamida simulyatsiya qilingan portlash sinovi o‘tkazilgan.

Eslatib o‘tamiz, Shimoliy Koreya kecha, 18 mart kuni Yapon dengizi tomon bir nechta qisqa masofali ballistik raketalarni uchirgandi. Uchirish Seul va Vashington Ozodlik qalqoni yillik mashg‘ulotlarini yakunlaganidan bir necha kun o‘tib, AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Seulga kelgan kuni amalga oshirildi. U 30 ga yaqin davlatdan yuqori darajadagi hukumat amaldorlari taklif etilgan sammitda ishtirok etish uchun Janubiy Koreyaga borgan.

Ulkanbayeva Rayhona


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Kim Chen In

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing