Kim Chen In yadroviy hujumga shaylanyapti

Olam

image

Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In mamlakat Qurolli kuchlari urushning oldini olish uchun istalgan vaqtda yadro qurolidan foydalanishga tayyor turishi kerakligini aytdi. Bu haqda bugun, 20 mart kuni Koreya markaziy axborot agentligi xabar berdi.

Kim Chen Inning so‘zlariga ko‘ra, davlatning birgina yadroviy maqomi urushning oldini ololmaydi. Buning uchun yadro kuchlari dushmanga zarba berishga mukammal tayyor bo‘lishi va ularning jangovar shayligi doimo dushmanda qo‘rquv uyg‘otishi zarur. Uning aytishicha, KXDRga nisbatan dushmanning tajovuzkorligi yanada oydinlashib borayotgan hozirgi vaziyat mamlakatdan o‘zining yadroviy qudratini kuchaytirishni talab qilmoqda.

Manbaga ko‘ra, 18-19 mart kunlari mamlakatning qarshi hujumga o‘tish qobiliyatini kuchaytirish chorasi sifatida “dushmanning muhim nishoniga” yadro zarbasini taqlid qiluvchi taktik mashqlar o‘tkazilgan. Ushbu raketa mashg‘ulotlari AQSH va Janubiy Koreya KXDRga bostirib kirish bo‘yicha harbiy mashg‘ulotlar ko‘lamini kuchaytirgani va Vashington Koreya yarim oroliga strategik yadro qurollarini joylashtirgani sababli o‘tkazilgan.

Mashg‘ulotlarga Kim Chen Inning o‘zi rahbarlik qilgan. U bilan birga qizi Kim Chju E ham mashqlarda ishtirok etgan. Mashg‘ulotlar bir necha qismlarga bo‘lingan: qo‘mondonlik-nazorat mashqlari, yadroviy qarshi hujumga tayyorgarlik, soxta yadro kallakli ballistik raketani uchirish. Mashqning birinchi kuni javob zarbasini tayyorlash jarayoni ishonchli va tez ishlayotganini ko‘rsatgan.

Ikkinchi kuni simulyatsiya qilingan taktik yadroviy zarba sifatida ballistik raketa uchirilgan. Uning ishga tushirilishi qo‘shni davlatlar xavfsizligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmagan. U taxminan 800 km parvoz qilgan va belgilangan joyda Yapon dengizi suvlaridan 800 metr balandlikda portlagan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 13 mart kuni AQSH va Janubiy Koreya harbiylari “Ozodlik qalqoni” deb ataluvchi qo‘shma harbiy mashg‘ulotlarini boshlagan edi. Bu mashg‘ulotlar Shimoliy Koreya tahdidlariga qarshi qaratilgan bo‘lib, 11 kun davom etishi rejalashtirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Kim Chen In Shimoliy Koreya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing