Kim Chen In sentyabrda Rossiyaga borib, Putin bilan uchrashmoqchi – NYT
Olam
−
05 Sentabr 2023
4927Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In sentyabr oyida Rossiyaga tashrif buyurib, Vladimir Putin bilan muzokaralar o‘tkazish niyatida. Bu haqda “The New York Times” gazetasi AQSH rasmiylariga tayanib xabar berdi.
Gazeta suhbatdoshlariga ko‘ra, KXDR va Rossiya rahbarlari 10-13 sentyabr kunlari Vladivostokdagi Uzoq Sharq federal universiteti kampusida bo‘lib o‘tadigan Sharqiy iqtisodiy forumda ishtirok etadi. Shuningdek, KXDR yetakchisi Tinch okean flotining Primorskiy flotiliyasining 33-iskalaga tashrif buyurishi mumkin.
Nashrning yozishicha, Kim Chen In o‘zining zirhli poyezdida Pxenyandan Rossiyaga keladi. Manbalar Shimoliy Koreya yetakchisi Moskvaga ham tashrif buyurishi mumkinligini istisno etmagan. Muzokaralar davomida tomonlar KXDRdan artilleriya snaryadlari va tankga qarshi raketalarni yetkazib berish masalasini muhokama qilish niyatida.
“O‘z navbatida, Kim Chen In Rossiya Shimoliy Koreyaga oziq-ovqat yordami hamda sun’iy yo‘ldoshlar va yadroviy suv osti kemalari uchun ilg‘or texnologiyalar bilan ta’minlashiga umid qilmoqda”, deydi AQSH rasmiylari.
NYT ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyaga kelish g‘oyasi Kim Chen Inga iyul oyida, Mudofaa vaziri Sergey Shoygu Shimoliy Koreyaga borganida paydo bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya delegatsiyasi harbiy aloqalarni mustahkamlash maqsadida joriy yilning 25 iyulida Shimoliy Koreya poytaxti Pxenyanga tashrif buyurgandi. Sergey Shoygu KXDR rahbari Kim Chen In bilan ham uchrashib, ular birgalikda qurol ko‘rgazmasini tomosha qilgandi.
LiveBarchasi