Kim Chen In qizi bilan birga tankda sayr qildi

Olam

image

KXDR yetakchisi Kim Chen In qizi Kim Ju E hamrohligida harbiy mashg‘ulotlar vaqtida tankda sayr qildi. Bu haqda Koreya markaziy telegraf agentligi xabar berdi.

Kim Chen In Koreya xalq armiyasi poytaxt mudofaasi korpusining o‘quv bazasiga tashrif buyurib, piyoda va tank bo‘linmalarining qo‘shma hujum bo‘yicha taktik mashg‘ulotlarini kuzatgan. E’lon qilingan suratlarda u tank ustida, yonida esa qizi aks etgan.

Mashg‘ulotlarda maxsus topshiriqli bo‘linmalar, zirhli tank qo‘shinlari va tank rotasi ishtirok etgan. Kim Chen In yangi tank ko‘p yillik ishlanmalar mahsuli ekani va u zamonaviy o‘t ochishni boshqarish tizimi hamda radioelektron kurash vositalari bilan jihozlanganini ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu texnika armiyaning jangovar qobiliyatini oshiradi va janglarni, jumladan, tungi vaqtda ham samarali olib borish imkonini beradi.

“Ishonchim komilki, dunyoda ushbu tank kabi kuchli o‘zini himoya qilish funksiyasiga ega zirhli qurol mavjud emas. Shuni ta’kidlash kerakki, tungi janglarda zaif bo‘lgan zirhli qo‘shinlarimizning jangovar cheklovlari butunlay bartaraf etildi. Bu katta o‘zgarishdir”, deydi u.

Ma’lumot uchun, 2022 yildan buyon Kim Ju E otasiga ishchi safarlarida muntazam hamrohlik qilib kelmoqda. OAV Janubiy Koreya rasmiylariga tayanib, Kim Chen Inning qizi uning vorisi roliga tayyorlanayotgani haqida xabar berib kelmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Markaziy telegraf agentligi shimoliy koreyalik harbiylarning o‘ta aniq yo‘naltirilgan yalpi o‘t ochish reaktiv tizimlaridan foydalangan holda zarba berish mashg‘ulotlari haqida xabar bergandi. Unda ham Kim Chen In va uning qizi ishtirok etgan.


Maqola muallifi

Teglar

Kim Chen In KXDR tank Kim Ju E

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing