Kim Chen In armiyasiga urushga tayyorlanishni buyurdi – OAV
Olam
−
07 fevral 2023
17519Kecha, 6 fevral kuni Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In keng omma oldida chiqish qilib, o‘z armiyasiga urushga tayyor turishni va “mislziz harbiy qudrat”ni namoyon etishni buyurdi. Bu haqda “Independent” nashri Shimoliy Koreya nashrlari tarqatgan ma’lumotlarga asoslanib xabar bermoqda.
Dushanba kuni Kim Chen In o‘zining mamlakatdagi hukmron Ishchi partiyasi Markaziy harbiy qo‘mitasining yig‘ilishiga raislik qildi. Shimoliy Koreya rahbari deyarli bir oy davomida omma oldida ko‘rinish bermayotgan edi. Buning ortidan esa g‘arb nashrlarida janob Kimning sog‘lig‘i yomonlashgani borasidagi mishmishlar bolalagan edi.
Xabarda aytilishicha, mamlakat oliy harbiy rahbari Kim Chen In ishtirok etgan yig‘ilishda qo‘mita a’zolari 2023 yilga mo‘ljallangan asosiy harbiy, siyosiy vazifalar va strategiyalarni muhokama qilgan. Shuningdek, harbiy kengash mudofaa sohasida “katta o‘zgarishlar”ni amalga oshirishga qaratilgan qator vazifalarni, jumladan, “operatsiya va jangovar mashg‘ulotlarni doimiy ravishda kengaytirish va kuchaytirish”, “urushga tayyorgarlikni yanada qat’iy olib borish”ni ko‘rib chiqqan.
Kengashda shuningdek, mamlakatning asosiy harbiy ramziga aylanib ulgurgan “Xvasong 17” ballistik raketa tizimlarini takomillashtirish va ko‘paytirish, mudofaa shayligini oshirish, razvedka tarmoqlarini ko‘paytirish, shuningdek, yangi harbiy texnologiyalar joriy qilish masalalari muhokama qilingan. G‘arb nashrlari tarqatgan xabarlarda, mamlakat xorijiy aerokosmik va mudofaa kompaniyalari tarmoqlarini nishonga olish uchun tobora murakkab kibertexnikalardan foydalanayotgani aytiladi.
AQSH va uning ittifoqchilari Koreya yarimorolida harbiy mashg‘ulotlar ko‘lamini oshirishi haqidagi dalillarga egaligini aytgan Shimoliy Koreya rabariyati unga “eng halokatli yadroviy kuch” bilan qarshi turishini bildirgan. Bu keskin bayonot AQSH mudofaa vaziri Lloyd Ostinning Koreya yarim oroliga ilg‘or harbiy qurollarni joylashtirishni tezlashtirish va Seul bilan birgalikdagi harbiy mashg‘ulotlarini kengaytirish haqidagi nutqidan so‘ng paydo bo‘ldi.
Ma’lumot o‘rnida, Pxenyandagi hukumat doimiy ravishda Koreya yarimoroli uzra hamda Yapon dengizida ballistik raketa sinovlarini o‘tkazib turadi. Mamlakat 2022 yilda o‘zining eng yirik raketa sinovlarini amalga oshirdi. Jumladan, o‘tgan yil davomida AQSHga yetib borishi aytilgan 70 dan ortiq qit’alararo ballistik raketalar uchirildi.
LiveBarchasi
29 Oktabr