Kim aldayapti? Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Azon.uz to‘g‘risida aks bayonot bilan chiqdi
Jamiyat
−
04 fevral 2021
16310Avvalroq Azon.uz sayti bosh muharriri Abdulaziz Muborak (Abdulaziz Raimov) Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining o‘rinbosari Dilshod Eshnayev tomonidan tahririyatga bosim va tahdid bo‘layotgani tufayli bosh muharrir ishdan bo‘shash to‘g‘risida ariza yozgani haqida xabar berilgandi. Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Axborot xizmati holat yuzasidan rasmiy axborot berib, tahririyatga bosim bo‘lmaganini ma’lum qildi.
Ushbu hodisa ijtimoiy tarmoqlarda ham keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Qo‘mitaga ko‘ra, aksar izoh qoldirayotganlar orasida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita haqida yetarli taassurot bo‘lmagan. Shu sababli turli tushunmovchiliklar kuzatilgani, o‘z navbatida, ko‘pchilikka tushunarli bo‘lishi uchun Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning faoliyati, maqsad va vazifalari borasida quyidagi ayrim asosiy vazifalarini keltirib o‘tgan.
Bayonotda qayd etilishicha, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash va tarqatishda diniy-ma’rifiy saytlarga yo‘nalish hamda tavsiya berishi mumkin. Lekin qaysidir saytdan qandaydir ma’lumotni oldirib tashlash yoki olib tashlashga majbur qilish vakolatiga ega emas.
“Shunga ko‘ra, “azon.uz” saytida e’lon qilingan muayyan maqolalarni oldirib tashlash bo‘yicha Qo‘mita rahbariyati tomonidan hech qanday topshiriq bo‘lmaganini qat’iy ma’lum qilamiz”, deyiladi bayonotda.
Shu o‘rinda, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita qator ommaviy axborot vositalari bilan doimiy hamkorlikda faoliyat olib borayotganini, Davlat rahbari boshchiligida diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan yangilik va o‘zgarishlarni birgalikda omma e’tiboriga havola qilayotganini alohida qayd etgan.
Bayonot yakunida yana bir marta, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita rahbariyat tomonidan “azon.uz” sayti tahririyati va jamoasiga maqolani oldirib tashlash bo‘yicha bosim bo‘lmagani, aksincha saytda berilayotgan xabar va maqolalar keng xalq ommasiga mo‘ljallangani uchun foydali va xolis bo‘lishi borasida doimiy hamkorlik qilib kelayotganini bildirgan.
LiveBarchasi