Kurs UZS

USD

12 913.19

4

EUR

13 908.80

-26.67

RUB

154.17

0.87

Kichik va o‘rta biznesga 120 trln so‘m resurs beriladi. Buncha katta mablag‘ ilgari bo‘lmagan – Prezident

Jamiyat

image

O‘zbekistonda kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish bo‘yicha xorijiy ekspertlar bilan katta dastur ishlab chiqildi. Bunga 2025 yilda barcha manbalar hisobidan 10 milliard dollar ajratiladi. Bu haqda bugun, 19 mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning kichik va o‘rta biznes vakillari bilan sohaning iqtisodiyotdagi o‘rnini oshirish va rivojlanishini yangi bosqichga olib chiqish masalalariga bag‘ishlangan uchrashuvida ma’lum qilindi.

"Bu yil kichik va o‘rta biznesga 120 trillion so‘m resurs beriladi. Buncha katta mablag‘ ilgari hech qachon bo‘lmagan", dedi davlat rahbari.

Ma’lum qilinishicha, aholini tadbirkorlikka jalb qilish uchun 22 trillion so‘mlik imtiyozli resurs ajratiladi. Shundan 2,5 trillion so‘m yoshlarga, yana shunchasi ayollar tadbirkorligi loyihalari uchun yo‘naltiriladi. Ayol tadbirkorlarga kredit stavkasi boshqalarga nisbatan 2 foiz arzon bo‘ladi. 

"Uy-ro‘zg‘or va farzand tarbiyasidan ortib, tadbirkorlik bilan odamlarni ishli, daromadli qilayotgan ayollarimizga har qancha rahmat aytsak, arziydi", dedi Prezident.

Ma’lum qilinishicha, bu yildan kichik biznesga 300 million so‘mgacha kredit berish boshlangan. Endilikda bir yilda yiriklashib, kichik yoki o‘rta korxonaga aylangan tadbirkorlarga shuni 150 million so‘mi garovsiz beriladi. Xuddi shunday, oilaviy tadbirkorlik bo‘yicha ham 50 million so‘mgacha garovsiz kredit beriladi. 

Mutasaddilarga oldingi kreditidan kechikkan qarzi bo‘lmagan tadbirkorlarga yangi imtiyozli kredit olish imkonini yaratish topshirildi.

Prezident 2025 yil uchun sohadagi asosiy maqsad va vazifalarga to‘xtaldi. Bular:

  • kichik va o‘rta biznesning iqtisodiyotdagi ulushini 55 foizga ko‘tarib, 70 milliard dollarlik qo‘shilgan qiymat yaratish;
  • yangi bozorlarga kirib borishda transport, sertifikat va standart masalalariga ko‘maklashib, kichik biznes eksportini o‘tgan yilgi 9 milliarddan 12 milliard dollarga olib chiqish;
  • -ichimlik suvi, kanalizatsiya, yo‘l, qurilish, kommunal xo‘jalik, yetkazib berish, utilizatsiya, migratsiya, madaniyat va ijtimoiy xizmatlarda kichik biznes ulushini 2-3 karra oshirish;
  • 1,5 million doimiy ish o‘rni tashkil qilib, sohada band aholi ulushini 75 foizga yetkazish;
  • 100 nafardan ko‘p ishchisi bor korxonalarni 4 mingtaga olib chiqish;
  • kichik biznesda yangi 100 ta brend mahsulot chiqarishni yo‘lga qo‘yish;
  • kichik biznes ishtirokida 200 ta startap loyihalarni moliyalashtirish.

“Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash – bu bizning strategik yo‘limiz! Tadbirkorlik qancha tez rivojlansa, mamlakatimiz shuncha qudratli bo‘ladi, xalqimiz shuncha farovon yashaydi.

Dekabr oyidagi “ochiq muloqot”da asosan yirik tadbirkorlar bilan gaplashib, keyingi rejalarni belgilab oldik.

Bugun kichik va o‘rta biznesda tez o‘sayotgan tadbirkorlarga ko‘mak berib, ularni ham “chempion”ga aylantirish uchun nima qilish kerak, degan savolga sizlar bilan birgalikda javob topishimiz zarur”, dedi davlat rahbari.

Bildirilishicha, O‘zbekistonda kichik va o‘rta biznes ish o‘rni, investitsiya, innovatsiya, raqobat, qo‘shilgan qiymat va eksportni ko‘paytirishga eng katta turtki berayotgan yo‘nalishga aylangan.

Uchrashuvda ta’kidlanishcha, yaratilgan sharoitlar hisobiga kichik va o‘rta tadbirkorlar soni besh yilda 2 karra ko‘paydi. Ularda 10,5 million odam  daromad topib, ro‘zg‘or tebratmoqda. Iqtisodiyotning yarmidan ko‘pi, sanoat va eksportning uchdan biri shu soha vakillari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

“Bir haqiqatni yaxshi anglab olish kerak. Har qanday muvaffaqiyatli yirik biznesga erishish, eng avvalo, kichik g‘oya va harakatdan boshlanadi.

O‘zgarishlarga tez moslashadigan, yangilik va raqobatdan qo‘rqmaydigan, muhimi, odamlarni ishli qilib, daromadini ko‘paytirishda eng faol soha ham bu – kichik biznes.

Shu bois, kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash bundan keyin ham davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qoladi”, dedi Prezident.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev kichik va o'rta biznes

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing