Kichik biznesni tekshirishga 3 yillik moratoriy e’lon qilindi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda kichik tadbirkorlik sub’ektlarini har qanday tekshirishga 3 yil muddatga moratoriy joriy etiladi. Bu haqda joriy yilning 27 avgustidagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan VI ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–175-sonli Prezident farmonida belgilandi. 

Farmonga ko‘ra, kichik tadbirkorlik sub’ektlarining faoliyatini har qanday tekshirishga 3 yil muddatga moratoriy e’lon qilinadi. Biroq ayrim tekshiruvlar bundan mustasno.

Jumladan, jinoyat ishi doirasida, inson sog‘lig‘iga ta’sirini o‘rganish va mehnat qonunchiligiga rioya etilishi, fuqarolar murojaatlari, QQSni qoplash (qaytarish) hamda tadbirkorlik sub’ekti tugatilishi munosabati bilan o‘tkaziladigan tekshirishlarga moratoriy tatbiq etilmaydi.

Moratoriy amal qilish davrida kichik tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini tekshirish noqonuniy hisoblanadi. Bunday huquqbuzarlikka yo‘l qo‘ygan shaxslar belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil – Biznes-ombudsman tomonidan “Samarali nazorat” tadbiri o‘tkaziladi.

Tadbir doirasida nazorat organlarining oxirgi 3 yillik tekshiruv materiallari joyiga chiqqan holda to‘liq o‘rganib chiqiladi.

O‘rganish yakunlari bo‘yicha nazorat organlari tomonidan yo‘l qo‘yilgan qonunbuzilishlar bo‘yicha o‘z vakolatlari doirasida tegishli choralar ko‘riladi.

Shuningdek, tekshiruv o‘tkazish tartibi buzilgan hamda noqonuniy tekshiruvlar aniqlangan hollarda faoliyati tekshirilgan tadbirkorlik sub’ektlarining buzilgan huquqlarini tiklash choralari ko‘riladi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 18 avgust kuni Prezidentning Xivada bo‘lib o‘tgan tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida birinchi marta O‘zbekistonda kichik biznesda inson sog‘lig‘i va boshqa tadbirkorlar manfaatiga zarar yetkazish bilan bog‘liq bo‘lmagan har qanday tekshirish uchun uch yil muddatga moratoriy e’lon qilinishi haqida so‘z borgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing