Kichik biznesni tekshirishga 3 yillik moratoriy e’lon qilinadi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda kichik biznesda inson sog‘lig‘i va boshqa tadbirkorlar manfaatiga zarar yetkazish bilan bog‘liq bo‘lmagan har qanday tekshirish uchun uch yil muddatga moratoriy e’lon qilinadi. Bu haqda bugun, 18 avgust kuni Prezidentning Xivada bo‘lib o‘tayotgan tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida ma’lum qilindi.

Ochiq muloqotda muhokama qilinayotgan beshinchi yo‘nalish – biznesga ma’muriy bosimni keskin kamaytirish. Qayd etilishicha, so‘nggi uch yilda soliq yuki 13,4 foizdan 12 foizga, o‘n yilda yashirin iqtisodiyot ulushi 50 foizdan 26 foizga tushgan.

“Iqtisodiyotni “soya”dan chiqarish tekshirish bilan emas, tadbirkorga yo‘l ko‘rsatib, to‘g‘ri ishlashga o‘rgatish orqali bo‘lishi kerak”, deydi davlat rahbari.

Tahlil qilingan 5 ming tadbirkorning yarmidan ko‘pida bir yilda 2-3 marta, yana 21 foizida 4 martadan soliq tekshiruvi o‘tkazilgan. Bunga yong‘in, qurilish, sanitariya, karantin va energiya inspeksiyalarining takroriy tekshiruvlari ham qo‘shilmoqda.

“Bir narsani tushunish kerak: xotirjamlik bo‘lmagan joyda erkinlik ham, rivojlanish va yangilikka intilish ham bo‘lmaydi”, deydi Prezident.

Shu bois, kichik biznesda inson sog‘lig‘i va boshqa tadbirkorlar manfaatiga zarar yetkazish bilan bog‘liq bo‘lmagan har qanday tekshirish uchun uch yil muddatga moratoriy e’lon qilinadi.

O‘rta va yirik tadbirkor o‘z korxonasini ixtiyoriy profilaktik auditdan o‘tkazsa, uning xulosasini soliq organi tan oladi. Kamchilikni bartaraf qilgan tadbirkor jarimaga tortilmaydi, bir yilda takroriy tekshiruv esa faqat Biznes-ombudsman ruxsati bilan o‘tkaziladi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing