Kiberxavfsizlik markazi fuqarolarni Mirziyoyev nomidan tarqatilayotgan xabarlarga ishonmaslikka chaqirdi
Jamiyat
−
07 dekabr 2023
15033Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomidan soxta va yolg‘on axborot tarqatib, firibgarlik qilinmoqda. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi Tezkor-qidiruv departamenti Kiberxavfsizlik markazi xabar berdi.
Qayd etilishicha, firibgarlar tomonidan takroran O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining videotasviriga sun’iy intellektga asoslangan dastur yordamida qayta ishlov berilib, audioyozuvlarni soxtalashtirish yo‘li orqali go‘yoki Instagram va Facebook ijtimoiy tarmoqlari hamda Telegram messenjeri orqali turli xil kanal va guruhlarda “Go‘yoki firibgarlar jazosiz qolmasligini ta’kidlab, brokerlarga aldanib qolgan fuqarolarga pullarini undirib berishni hisobga olib, Yuridik xizmatlarini yaratdik” mazmunidagi xabarlar tarqatilmoqda.
Kiberxavfsizlik markazi bunday soxta xabarlarga ishonmaslikka chaqirib, ularni yolg‘on, deb atadi.
“Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarni haqqoniyligini aniqlash uchun ularning rasmiy manbalari orqali qayta tekshirib ko‘rishlaringizni tavsiya etamiz”, deyiladi rasmiy bayonotda.
Eslatib o‘tamiz, bir necha kun oldin ijtimoiy tarmoqlarda firibgarlar tomonidan QALAMPIR.UZ internet nashri asoschisi Qamariddin Shayxov va Toshkent shahrining sobiq hokimi, tadbirkor Jahongir Ortiqxo‘jayev ishtirokidagi video, ularning ovozlari sun’iy intellektga asoslangan dasturlar orqali, tarqatilgan edi.
Unda qayd etilishicha, firibgarlar tomonidan QALAMPIR.UZ internet nashri asoschisi va bosh muharriri Shayxov Qamariddin Qutbiddin o‘g‘li va tadbirkor Jahongir Obidovich Ortiqxo‘jayevlarning videotasviriga sun’iy intellektga asoslangan dastur yordamida qayta ishlov berilib, audioyozuvlarni soxtalashtirish yo‘li orqali Instagram va Facebook ijtimoiy tarmoqlari hamda Telegram messenjeri orqali turli xil kanal va guruhlarda “Raida” nomli kanal go‘yoki halol savdo ekanligi ta’kidlanib, internet foydalanuvchilariga tez fursat ichida mo‘may daromad olishni va’da qilinmoqda.
Kiberxavfsizlik markazi fuqarolardan virtual firibgarlik bilan shug‘ullanib kelayotgan shaxslar tarqatayotgan xabarlarga ishonmaslikni so‘ragan.
LiveBarchasi