XJSga yangi tahdid. Suddan Trampni ta’qib qilmaslikka kafolat talab qilindi

Olam

image

AQSH Xalqaro jinoiy sudni (XJS) yuridik shaxs sifatida sanksiyalar orqali jazolash bilan tahdid qildi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Hozircha cheklovlar faqat ayrim shaxslarga nisbatan qo‘llanmoqda. Vashington sudi AQSH Prezidenti Donald Trampning vakolat muddati tugaganidan keyin unga nisbatan choralar ko‘rilishidan xavotirda. Bu nimaga asoslanishi mumkinligi ochiqlanmagan. 

Tramp ma’muriyati XJSdan uning asosiy hujjati – Rim statutiga o‘zgartirish kiritishni talab qilgan. Bu o‘zgartirish Tramp va yuqori lavozimli amerikalik amaldorlarga nisbatan har qanday tergovni qat’iyan taqiqlashi kerak. Agar XJS bu va yana ikki talabni bajarmasa, (G‘azo sektoridagi urush bo‘yicha Isroil rahbariyatiga nisbatan olib borilayotgan tergovni to‘xtatish, AQSH qo‘shinlarining Afg‘onistondagi harakatlari bo‘yicha avval o‘tkazilgan tergovni rasmiy ravishda yopish) unda sanksiyalar nafaqat sudning ayrim mansabdorlariga, balki sudning o‘ziga ham qo‘llanishi mumkin.

Joriy yilning fevral oyida AQSH XJSga qarshi moliyaviy sanksiyalar joriy qilgandi. Bunga sudning AQSH va uning ittifoqchilariga, jumladan Isroilga qarshi olib borayotgan tekshiruvlari sabab bo‘lgan.

O‘sha oyning o‘zida AQSH Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga va Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuga nisbatan hibsga olish orderi chiqargan bosh prokuror Karim Xonni ham sanksiyalar ro‘yxatiga kiritgan. Avgustda AQSH XJSning yana to‘rt sudyasiga qarshi sanksiya qo‘ygan. 

XJS Prezidenti Tomoko Akane sud AQSH bosimiga qarshi turishga tayyorligini aytgan. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq ham AQSH hukumati XJSni to‘liq nishonga olish masalasini ko‘rib chiqayotgani haqida xabar berilgandi. AQSH ma’muriyati 2002 yilda tashkil etilgan ushbu sudni uzoq yillardan beri tanqid qilib keladi. Davlat kotibi Marko Rubio uni “milliy xavfsizlikka tahdid” va “AQSH hamda uning ittifoqchisi bo‘lgan Isroilga qarshi yuridik urush quroli” deb atagan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Donal'd Tramp XJS

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing