AQSH Xalqaro jinoiy sud ustidan sanksiyalar yog‘dirmoqchi
Olam
−
24 Sentabr 2571 2 daqiqa
AQSH hukumati Xalqaro jinoiy sud (XJS)ni to‘liq nishonga olish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, qaror yaqin kunlarda qabul qilinishi mumkin. Avvalroq Vashington ayrim sudyalar va prokurorlarga qarshi cheklovlar joriy qilgan edi, yangi chora esa keskin eskalatsiya bo‘lishi ta’kidlanmoqda.
Davlat departamenti qo‘shimcha qadamlar tayyorlanayotganini tasdiqlagan, ammo tafsilotlarni oshkor etmagan.
AQSH ma’muriyati 2002 yilda tashkil etilgan ushbu sudni uzoq yillardan beri tanqid qilib keladi. Davlat kotibi Marko Rubio uni “milliy xavfsizlikka tahdid” va “AQSH hamda uning ittifoqchisi bo‘lgan Isroilga qarshi yuridik urush quroli” deb atagan.
Xalqaro jinoiy sud ilgari Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu, sobiq mudofaa vaziri Yoav Galant hamda HAMAS harakatining bir qator rahbarlari haqida hibsga olish orderlari chiqargan edi.
Manbalarga ko‘ra, agar AQSH butun sudga qarshi sanksiyalar joriy etsa, bu uning faoliyatiga jiddiy zarba bo‘lishi mumkin. Xodimlarga maosh to‘lash, bank hisoblaridan foydalanish va dasturiy ta’minotga kirish imkoniyatining izdan chiqish ehtimoli yuqori.
Uch nafar insayderning bildirishicha, sud xodimlariga allaqachon 2025 yilning qolgan davri uchun oldindan maosh berilgan. Shuningdek, rahbariyat muqobil bank va dasturiy xizmat ko‘rsatuvchi manbalarni qidiryapti. Maxsus yig‘ilishlarda AQSH choralarining oqibatlari muhokama qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Niderlandiyaning Gaaga shahrida joylashgan XJS AQSH tomonidan o‘z sudyalariga nisbatan joriy etilgan sanksiyalarni tanqid qilib chiqqandi va bu holat sudning mustaqilligiga tahdid ekanini ta’kidlagandi.
Live
Barchasi