XJS AQSHga javob qaytardi

Olam

image

Niderlandiyaning Gaaga shahrida joylashgan Xalqaro jinoiy sud (XJS) AQSH tomonidan o‘z sudyalariga nisbatan joriy etilgan sanksiyalarni tanqid qilib chiqdi va bu holat sudning mustaqilligiga tahdid ekanini ta’kidladi. Bu haqda sudning rasmiy saytida xabar berildi.

Gap AQSHning XJS Apellyatsiya palatasining to‘rt sudyasiga qarshi kiritgan sanksiyalari haqida bormoqda. Bu sudyalar Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va sobiq mudofaa vaziri Yoav Galantga nisbatan chiqarilgan hibsga olish orderlariga qarshi shikoyatlarni ko‘rib chiqmoqda. Sanksiya e’lon qilingan sudyalar Benin, Uganda, Peru va Sloveniya fuqarolari hisoblanadi. 

“Adolat uchun kurashayotgan insonlarga qarshi hujumlar mojarolardan aziyat chekayotgan tinch aholiga foyda keltirmaydi. Aksincha, bunday chora-tadbirlar jazosizlikka umid qilayotganlarni rag‘batlantiradi”, deyiladi bayonotda. 

Sud AQSHning harakatlarini sud ishlariga bevosita aralashuv deb atagan va bu holat 125 davlat tomonidan tasdiqlangan xalqaro sud tizimining mustaqilligiga putur yetkazishini aytgan.

Sanksiyalar faqatgina alohida sudyalarga emas, balki XJS tuzilmasining o‘ziga ham – xodimlari, sud faoliyatini qo‘llab-quvvatlayotgan shaxslar va ishtirokchi davlatlarning fuqarolariga ham xavf tug‘dirishini ta’kidlangan. Shunga qaramay, sud Rim statutiga asoslanib ishlashda davom etishi va genotsid, urush jinoyatlari, insoniyatga qarshi jinoyatlar va agressiya qurbonlari uchun adolatni ta’minlashni va’da qilgan.

Qolaversa, Niderlandiya va Sloveniya ham AQSH harakatlarini tanqid qilgan. Niderlandiya Tashqi ishlar vaziri Kaspar Veldkamp mamlakat sanksiyalarni qo‘llab-quvvatlamasligi va xalqaro sudlarning mustaqilligini himoya qilishini bildirgan. U shuningdek, Niderlandiya – XJS joylashgan davlat sifatida sud ishini uzluksiz davom ettirishini ta’kidlagan.

Ma’lumot uchun, XJS tomonidan 2024 yilning 21 noyabrida Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va sobiq mudofaa vaziri Yoav Galantni G‘azoda urush jinoyatlari va insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etganlikda ayblab, hibsga olish uchun order berilgan. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroilning o‘ta o‘ngchi Milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir Xalqaro jinoiy sud (XJS) tomonidan hibsga olinishi mumkinligidan qo‘rqmasligini aytgandi. O‘tmishda 50 dan ortiq marta nafrat uyg‘otganlikda ayblangan va bir paytlar “irqchilik”da ayblangan Ben-Gvirning aytishicha, Gaagadagi prokuror uni qo‘rqitmaydi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Bin'yamin Netan'yaxu Xalqaro jinoiy sud Gaaga Yoav Galant

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing