XVJ boshqaruvchi direktori Shavkat Mirziyoyev qabulida bo‘ldi

Jamiyat

image

Bugun, 17 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatga rasmiy tashrif bilan kelgan Xalqaro valyuta jamg‘armasi boshqaruvchi direktori Kristin Lagardni qabul qildi.

Davlat rahbari oliy martabali mehmonni samimiy qutlar ekan, O‘zbekiston va Xalqaro valyuta jamg‘armasi o‘rtasidagi amaliy muloqot va o‘zaro manfaatli hamkorlik izchil rivojlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.

2017 yilning sentyabrida Nyu-York shahrida va joriy yil aprel oyida Pekin shahrida o‘tgan ikki tomonlama muzokaralar samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va yanada kengaytirishga xizmat qilgani ta’kidlandi.

Bugungi kunda jamg‘arma O‘zbekistonda ilg‘or xalqaro tajriba va bilimlar asosida keng miqyosli islohot va yangilanishlarni ishlab chiqish va amalga oshirishda muhim sheriklardan biri ekani alohida qayd etildi.

Keyingi ikki yilda jamg‘armadan jalb etilgan texnik ko‘mak hajmi sezilarli darajada ortdi: O‘zbekistonga XVJning 14 missiyasi tashrif buyurdi, soliq va moliya sohalari bo‘yicha yetakchi xalqaro konsultant va ekspertlar jalb etildi.

Jamg‘arma ko‘magida O‘zbekiston XVJ statistika ma’lumotlari tarqatishning umumiy tizimiga qo‘shildi, Markaziy bank va valyutani tartibga solish to‘g‘risidagi qonunlarning yangi tahriri loyihasi ishlab chiqildi, yangi Soliq siyosati va ma’muriyatchiligi konsepsiyasi va boshqalar joriy etildi.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Xalqaro valyuta jamg‘armasining hamkorligi istiqbollari batafsil muhokama qilindi va bu boradagi ustuvor yo‘nalishlar belgilab olindi.

Pul-kredit va soliq-byudjet siyosatini takomillashtirish, monetar siyosatning samarali vositalarini joriy etish, mamlakatda ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaxshilash hamda boshqa yo‘nalishlarda faol hamkorlikni davom ettirishga alohida e’tibor qaratildi.

O‘z navbatida, XVJ boshqaruvchi direktori O‘zbekistonga tashrif bilan kelish taklifi hamda ko‘rsatilayotgan samimiy qabul uchun Prezidentga minnatdorlik bildirdi. Kristin Lagard jamg‘arma mamlakatda barcha tarmoq va yo‘nalishlarni qamrab olgan holda faol amalga oshirilayotgan islohotlarni yuksak baholashini alohida ta’kidladi.

O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlash va o‘zaro ishonchni oshirish, mintaqaviy savdo-iqtisodiy va gumanitar hamkorlikni kengaytirish borasidagi sa’y-harakatlari alohida qayd etildi.

Uchrashuv yakunida Kristin Lagard Xalqaro valyuta jamg‘armasi O‘zbekistonda samarali islohotlarni amalga oshirish va iqtisodiyotning barqaror rivojlanishini ta’minlashga har tomonlama ko‘maklashishni davom ettirishga tayyor ekanini tasdiqladi


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev XVJ Kristin Lagard

Baholaganlar

6

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing