Xo‘jalida tiriklayin ko‘milgan odamlarning ommaviy qabrlari topildi (video)
Olam
−
24 fevral
38745Ozarbayjonning ishg‘oldan ozod etilgan Qorabog‘ hududidagi Xo‘jali shahri markazida olib borilgan yirik restavratsiya va qurilish ishlari doirasida qiynab o‘ldirilgan ko‘plab odamlarning qoldiqlari topildi. Bu haqda Ozarbayjon Bosh prokuraturasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, voqea joyiga mamlakat Bosh prokuraturasining professional xodimlari, Sog‘liqni saqlash vazirligining Sud-tibbiyot ekspertiza va patologik anatomiya birlashmasi yuristi, Ozarbayjon Milliy fanlar akademiyasi, Mahkumlar va bedarak yo‘qolgan, garovga olingan fuqarolar bo‘yicha davlat komissiyasining xodimlari va Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi ma’sullari jo‘natilgan.
Holislar ishtirokida voqea joyida topilgan suyak bo‘laklari ko‘zdan kechirilib, ekspertiza va laboratoriya tekshiruvlari hamda boshqa zarur protsessual harakatlarni amalga oshirish uchun olib ketilgan.
Hududdan topilgan inson jasadlari kamida 4 nafar shaxsga tegishli bo‘lib, ulardan biri voyaga yetmagan, ya’ni 4-5 yoshli bolaniki ekani taxmin qilinmoqda. Ular kamida 25 yil muqaddam qiynoqqa solingani, arqon bilan bog‘lab tiriklayin ko‘milgani aniqlangan.
Hozirda hodisa joyini to‘liq tekshirish ishlari davom ettirilayotgani va mazkur holat yuzasidan Bosh prokuratura huzuridagi kriminalistika va axborot texnologiyalari boshqarmasi tomonidan tergov harakatlari olib borilayotganligi bildirilgan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 23 fevral kuni Qorabog‘da otishma bo‘lgani haqida xabar bergan edik.
LiveBarchasi