“Xush omaded!” Tojikiston afg‘on qochqinlari uchun lager qurmoqchi

Olam

image

Tojikistonning Jayxun tumanida afg‘onistonlik qochqinlar uchun vaqtinchalik markaz quriladi. Buning uchun Xatlon viloyati byudjetidan zarur miqdorda mablag‘ va yer ajratiladi. Bu haqda viloyat rahbari Qurbon Hakimzoda kecha, 19 iyul kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, viloyat rahbari boshqa tafsilotlarni bayon qilmagan, faqat qurilish Tojikiston Ichki ishlar vazirligi tomonidan xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshirilishini aytgan.

Shuningdek, Qurbon Hakimzoda birinchi bo‘lib Afg‘onistondan Tojikiston davlat chegarasini buzib o‘tganlar 113 nafardan iborat qurollangan afg‘on harbiylari bo‘lganini qo‘shimcha qilgan.

“Biz ularni qabul qildik, chodirlar va issiq ovqat bilan ta’minladik. 94 kishi Shamsiddin Shohin tumani hududidan chegarani kesib o‘tgan. Chegara hududidagi bozorda ular uchun chodirlar lageri tashkil etildi. Xuddi shunday markazlashgan lager Mo‘minobod viloyati hududida ham tashkil etilgan”, deya ta’kidlagan viloyat rahbari.

Viloyat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Xatlon viloyati hududida bo‘lgan qochqinlarning barchasi Ko‘lob va Qobul shaharlardagi aeroportlar orqali Vataniga qaytarilgan.

“Bir narsani unutmaslik kerak, mamlakatimizda fuqarolik urushi bo‘lgan vaqtlarda afg‘onlar bizning fuqarolarimizni qabul qilgan, oylar mobaynida ovqat va joy bilan ta’minlgan. Bugun esa ularning o‘zi musibatda va biz shunchaki insoniylik nuqtayi nazaridan ularga yordam berishimiz shart. Albatta, xavfsizlik va sanitariya normalarini hisobga olgan holda”, deya ta’kidlaydi Hakimzoda.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 17-18 iyul kunlari Tojikistonning Murg‘ob viloyatida bo‘lib turgan 345 nafar afg‘onistonlik qochqinlar o‘zlarining doimiy yashash joylariga, aniqrog‘i Afg‘onistonning Badaxshon viloyatiga qaytarildi

Joriy yilning 15 iyul kuni Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi ushbu qochqinlar etnik qirg‘izlardan bo‘lgani sababli bayonot bilan chiqib, ularni o‘z hududiga qabul qilishga tayyor ekanini ma’lum qilgandi.

Faollashgan “Tolibon” va Afg‘onistondagi notinchlik

Qayd etish kerakki, Ag‘oniston aholisining qo‘shni davlatlarga qochib o‘tishi mamlakatda yuzaga kelgan notinchlik va harbiy keskinlik bilan bog‘liq. Afg‘onistondagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat joriy yilning aprelida AQSH Prezidenti Jo Baydenning respublikada Amerika qurolli kuchlarining operatsiyasi yakuniga yetganini e’lon qilganidan so‘ng, ancha yomonlashdi. 

Joriy yilning 13 iyul holatiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar o‘z qo‘shinlarining 95 foizidan ko‘prog‘ini Afg‘onistondan olib chiqib ketib bo‘ldi. Bu jarayon 31 avgustga qadar yakunlanishi kutilmoqda. Shtatlar kabi NATOning boshqa a’zolari ham Afg‘onistonni tark etmoqda. Jumladan, Italiya, Avstraliya va Germaniya kuchlari, allaqachon, mamlakatdan chiqib ketgan.

Xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistonni tark etishi fonida “Tolibon” harakati mamlakat hududlari ustidan nazoratni o‘rnatish maqsadida hujumlarni kuchaytirmoqda. Toliblarning ta’kidlashicha, ular ayni paytda Afg‘onistonning 85 foizini nazorat qilmoqda. Bundan tashqari, harakat kuchlari bir qator qo‘shni davlatlar — Turkmaniston, Tojikiston, Eron va Pokiston bilan chegarada joylashgan nazorat punktlarini ham egallab olgan. Shunday bo‘lsa-da, harakat vakillari Afg‘onistondan tashqariga chiqmasliklarini va qo‘shni davlatlarga xavf solmasliklarini qayta va qayta ta’kidlamoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

60

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing