“Korrupsion holatlarini keltirib chiqaradi”. “Adolat”chilar auditorlikka oid qonun loyihasini rad etmoqchi
Jamiyat
−
11 mart 2020
6370Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida bir qator qonun loyihalari qatori “Auditorlik faoliyati to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ham ko‘rib chiqildi. Ushbu qonun loyihasi partiya vakillari tomonidan tanqidlarga sabab bo‘lgan.
“Adolat" chilar Qonunning asosiy maqsadi – bozor iqtisodiyoti talablariga javob beradigan auditorlik xizmatini tashkil etish bo‘lmog‘i lozim, deya ta’kidlashgan.
Auditorlik faoliyatini litsenziyalash bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatish tartibini soddalashtirish va auditorlik faoliyatini amalga oshirish uchun qog‘oz shakldagi litsenziya berishni bekor qilish taklif etilgan.
Bahsga aynan loyihaning 30-moddasida aks etgan auditorlarning respublika jamoat birlashmalaridan biriga a’zo bo‘lishi shartligi masalasi sabab bo‘lgan. “Chunki, mavjud qonunchiligimizda jamoat birlashmalariga a’zolik ixtiyoriyligi alohida belgilab qo‘yilgan. Shu bilan birga a’zolar to‘laydigan a’zolik badali masalasi ham o‘rganilmaganligi tanqidiy baholandi”, deyiladi xabarda.
Bundan tashqari auditorlarning malakasini oshirish tegishli litsenziyaga ega bo‘lgan auditorlarning respublika jamoat birlashmalari qoshidagi o‘quv markazida har yili amalga oshirilib borilishi ham tanqidga sabab bo‘lgan.
“Birinchidan, bu holat ya’ni auditorlarni har yili malaka oshirishi faqatgina bir markaz tomonidan amalga oshirilishi xuddi “Avtotest” voqeasi singari monopoliyaning bir ko‘rinishiga sabab bo‘lib qoladi.
Ikkinchidan, malaka oshirishning faqat bir tashkilot tomonidan amalga oshirilishi o‘z-o‘zidan korrupsion holatlarini keltirib chiqarishi mumkin.
Shu bilan birga fraksiya a’zosi Akmal Burxonov auditorlik faoliyatini litsenziyalashni bekor qilish taklifini o‘rtaga tashladi. Chunki auditorda shundoq ham malaka sertifikati bo‘ladi. Bundan tashqari, joriy yilgi davlat dasturida ham litsenziyalar miqdorini ikki baravar qisqartirish vazifasi turganda, auditorlardan litsenziya talab qilish maqsadga muvofiq emas.
“Adolat” SDP fraksiyasi a’zolari qonun loyihasidagi mazkur kamchiliklar ikkinchi o‘qishga qadar to‘g‘rilanmasa loyihani rad etishlarini ma’lum qilishdi”, deyiladi rasmiy xabarda.
LiveBarchasi