XTV o‘quvchilarni kasb-hunarga tayyorlashning yangi tizimini joriy etishni taklif qildi
Jamiyat
−
16 Sentabr 2020
12262O‘zbekistonda maktab o‘quvchilarini 7-sinfdan boshlab kasbga yo‘naltirish ishlarini amalga oshirish, yuqori sinflarda zamonaviy kasb-hunar egallashlari uchun tegishli shart-sharoitlar yaratish hamda yoshlar orasida o‘zini-o‘zi band qilish kabi mehnat shakllarini rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘quvchi-yoshlarni kasb-hunarga tayyorlash tizimini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasi ishlab chiqildi.
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida joshlashtirilgan qaror loyihasi bilan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida O‘quvchi yoshlarni kasb-hunarga tayyorlashning yangi tizimini joriy etish taklifi berilmoqda.
Unga ko‘ra yangi tizimni amalga oshirishning asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:
• umumiy o‘rta ta’lim muassasalari mutaxassislari tomonidan o‘quvchilarni 7-sinfdan boshlab kasb-hunar egallash va o‘zini o‘zi band qilish orqali xizmatlar ko‘rsatish (frilansing) yo‘nalishlariga qiziqishlarini aniqlash va bunday o‘quvchilarning ma’lumotlari bazasini yaratish;
• 8-9-sinf o‘quvchilariga dasturchi, dizayner, tarjimon kabi istiqbolli kasblar uchun poydevor bo‘ladigan bilim va ko‘nikmalar berish;
• o‘quvchilarining kasbiy moyilligi bo‘yicha o‘tkazilgan tahlillar asosida 9-sinfdan so‘ng kelgusida aniq ishchi kasblar bo‘yicha kasb-hunar maktablarida ta’lim olishi mumkin bo‘lgan o‘quvchilar o‘rtasida kasbga yo‘naltirish ishlarini olib borish;
• umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 10–11-sinf o‘quvchilarini tanlov fanlari yo‘nalishidagi (variativ) o‘quv reja asosida kasb-hunarga yo‘naltirish shuningdek, kasb-hunar o‘rgatuvchi davlat va nodavlat tashkilotlarda vaucher tizimi asosida yuqori malaka talab qilinmaydigan kasblarga o‘rgatish nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, kasb-hunarga o‘rgatish kurslarini tamomlagan umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilarining kasb-hunar ko‘nikmalarini amaldagi kvalifikatsiya ramkalari asosida baholash, tegishli (xalqaro) sertifikat va rezidentlik maqomini berish bo‘yicha mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi sertifikatsiyalash markazini tashkil etish taklifi ham berilmoqda.
Markazning asosiy vazifalaridan biri bitiruvchilarning malaka va ko‘nikmalarni baholash hamda sertifikatlash maqsadida rivojlangan mamlakatlarda faoliyat ko‘rsatuvchi xalqaro va xorijiy sertifikatlash tashkilotlari bilan hamkorlikda ish olib boradi.
Qayd etilishicha, o‘quvchi yoshlarni kasb-hunarga tayyorlashning yangi tizimini joriy etish orqali o‘quvchi yoshlarni maktab davridan kasb-hunar egallashga bo‘lgan qiziqishlarini oshirish, hech bo‘lmaganda bitta kasb egallab chiqishlari uchun zamin yaratadi.
Vazirik bu ko‘nikmi oliy ta’lim muassasasiga kira olmagan bitiruvchilarning bandligini ta’minlash uchun muhim omil bo‘lib xizmat qilishiga ishonmoqda.
LiveBarchasi