XTV Toshkentdagi maktablarni rivojlantirish loyiihasini ishlab chiqdi
Jamiyat
−
22 iyun 2019
3801Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Toshkent shahar xalq ta’limi muassasalarini zamon talablari asosida rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror loyihasi joylashtirildi. Qaror O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan.
Hujjatga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Xalq ta’limini rivojlantirish jamg‘armasiga Toshkent shahrida 12 ta yangi qurilgan mahallalar uchun maktablar qurish, 50 ta maktabni rekonstruksiya qilish, 98 ta maktabni mukammal ta’mirlash va jihozlash maqsadida davlat byudjetidan 2019 yil yakuniga qadar qo‘shimcha 400 mlrd so‘m va 2020 yilda ham 400 mlrd so‘m ajratishi rejalashtirilmoqda.
Jumladan, ushbu 800 mlrd so‘mning 520 mlrd so‘mini respublika byudjetining qo‘shimcha daromadlari va Markaziy bankning foydasi hisobidan, 200 mlrd so‘mini Toshkent shahar mahalliy byudjetining prognozdan yuqori tushumlari va 80 mlrd so‘mini Xalq ta’limi sohasida islohotlarga ko‘maklashish jamg‘armasiga byudjetdan 2018 yilda ajratilishi belgilangan mablag‘ hisobidan ajratiladi.
Toshkent shahar hokimligi va O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan 2019-2020 o‘quv yilidan boshlab, Toshkent shahridagi o‘quvchilar soni quvvatiga nisbatan kam bo‘lgan umumiy o‘rta ta’lim maktablarini o‘quvchilar soni quvvatiga nisbatan ortiq maktablarga tarmoq maktab sifatida biriktirish taklif etilmoqda.
Toshkent shahridagi faoliyati tugatilayotgan akademik litsey va kasb-hunar kollejlarining bino va inshootlari, tegishli hududidagi yer maydonlari, balansida mavjud barcha moddiy qiymatga ega jihoz va uskunalari bilan birgalikda operativ boshqarish huquqi bilan xalq ta’limi tizimi tasarrufiga berilishi ko‘zda tutilmoqda.
Qaror loyihasiga ko‘ra, Toshkent shahridagi beshta akademik litsey va kasb-hunar kollejlari ob’ektlari va ularning balansida mavjud barcha moddiy qiymatga ega jihoz va uskunalari bilan birgalikda Toshkent shahar xalq ta’limi tizimi balansiga beg‘araz o‘tkazilishini rejalashtirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Toshkent shahar hokimligi bilan birgalikda xalq ta’limi tizimiga o‘tkazilgan ob’ektlarni Toshkent shahridagi o‘quvchisi ikki va undan yuqori navbatlilikda ta’lim olayotgan umumiy o‘rta ta’lim maktablariga biriktirish, zarur hollarda mazkur ob’ektlarda yangi umumiy o‘rta ta’lim muassasalarini tashkil etish choralarini ko‘radi.
Toshkent shahar hokimligi Toshkent shahridagi avval umumiy o‘rta ta’lim maktabi sifatida faoliyat ko‘rsatgan binolarni aniqlab, ularni 2020 yil 1 sentyabrga qadar bosqichma-bosqich ravishda bo‘shatish hamda o‘rnatilgan tartibda Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi tasarrufiga beg‘araz o‘tkazish choralarini ko‘rish ko‘zda tutilmoqda.
Hujjatga ko‘ra, maktab o‘qituvchilarni malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash uchun treninglar, kurslar, seminar, mahorat darslari tashkil etilishi rejalashtirilmoqda. Jumladan, Toshkent shahridagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida faoliyat ko‘rsatayotgan 600 dan ortiq o‘rta maxsus ma’lumotli o‘qituvchilar uchun istisno tariqasida Toshkent davlat pedagogika universitetining sirtqi bo‘limida alohida maqsadli qabul kvotalarini ajratgan holda o‘qitilishi tashkil etiladi.
2019-2020 o‘quv yilidan boshlab Toshkent shahridagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarida faoliyat yuritayotgan tajribali va mahoratli o‘qituvchilarni ta’lim sifatini oshirishga qo‘shgan shaxsiy xissalari uchun mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan qo‘shimcha rag‘batlantirish tizimini joriy etish ko‘zda tutilmoqda.
Qaror loyihasiga ko‘ra, Xalq ta’limi vazirligi tasarrufidagi respublika ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktablarini Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi huzuridagi Ta’lim sifatini baholash bo‘yicha xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish milliy markazining xalqaro tadqiqot dasturlari (PIRLS, TIMSS, PISA, TALIS) doirasidagi tajriba-tayanch maktablari (keyingi o‘rinlarda tajriba-tayanch maktablari deb yuritiladi) etib belgilash rejalashtirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi Toshkent shahar hokimligi bilan hamkorlikda davlat-xususiy sheriklik va xususiy shaklda nodavlat ta’lim muassasalari tarmog‘ini yanada kengaytirish choralarini ko‘rishi, bunda 2020 yildan boshlab 4 yil muddatga tajriba-tariqasida ta’mirtalab maktablarni xususiy sektor vakillariga boshqaruvga berish amaliyotini joriy etish taklif etilmoqda.
2020-2025 yillarda Toshkent shahrida jahon standartlari asosida umumiy o‘rta ta’lim beruvchi xalqaro maktablarni tashkil etish ko‘zda tutilmoqda. Toshkent shahar hokimligi 2020 yil 1 yanvarga qadar xalqaro maktablarni tashkil etish uchun Toshkent shahrida 10 gektar yer maydoni ajratilishini ta’minlashi lozim bo‘ladi.
O‘zbekistonda tashkil etiladigan xalqaro maktablarga uni tashkil etuvchi davlatlarning o‘quv dasturlari asosida Respublikamizdagi milliy qadriyatlarga bog‘liq fanlar (davlat tili, tarix, madaniyat va boshqalar) bilan birgalikda ta’lim berilishiga ruxsat beriladi.
2020 yildan boshlab xalqaro maktablarning o‘quv reja va dasturlari O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan ekspertizadan o‘tkaziladi va tasdiqlanadi.
Beshta muhim tashabbus doirasida 2019-2020 o‘quv yilidan boshlab, Toshkent shahridagi barcha teatrlarda har oyda bir kunni maktab o‘qituvchilari uchun bepul spektakllar namoyishi, shuningdek, taniqli aktyor va san’atkorlar bilan uchrashuvlarini tashkil etiladi. Ularga maktab o‘qituvchilarining jadval asosida tashrif buyurishlari joriy etiladi.
Bolalar musiqa va san’at maktablarida qamrovni oshirish va o‘quvchilarda musiqa madaniyatini yanada rivojlantirish uchun maskan ijodiy jamoalari tomonidan umumta’lim maktablarida yil davomida muntazam ravishda konsert dasturlari namoyish etib boriladi.
Yozuvchilar uyushmasiga a’zo shoir va yozuvchilar ishtirokida muntazam ravishda Toshkent shahar maktablariga tashrif buyurgan holda ochiq darslar, ijodiy uchrashuvlar va kitobxonlik kechalari o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yiladi.
O‘quvchi-yoshlarning turli tahdidlarga immunitetini shakllantirish, ularda ona vatanga muhabbatni oshirish va barkamol avlod shaxs sifatida shakllantirish maqsadida ular o‘rtasida turli ko‘rik-tanlov, festival va sport musobaqalarini muntazam ravishda tashkil etish ko‘zda tutilmoqda.
Umumta’lim maktablarida jadval asosida taniqli sportchilar, turli sport musobaqalari g‘oliblari bilan uchrashuvlar, master-klass namoyishlarini o‘tkazish rejalashtirilgan.
Toshkent shahridagi barcha umumiy o‘rta ta’lim muassasalari yuqori tezlikdagi internet aloqasi bilan imtiyozli asosda ta’minlanadi va har bir maktabda kompyuter klublari tashkil etiladi.
LiveBarchasi