Xotiniga 30 marta, qaynonasiga 7 marta pichoq urib o‘ldirgan kuyovga qanday jazo berildi?

Tahlil

image

2019 yilning 13 avgust kuni Toshkentda ro‘y bergan mudhish jinoyatdan ko‘pchilikning xabari bor. O‘shanda 25 yashar kuyov 26 yashar turmush o‘rtog‘iga 30 marta, 48 yashar qaynonasiga 7 marta pichoq urib, ularning o‘limiga sababchi bo‘lgan. QALAMPIR.UZ ushbu jinoyatning so‘nggi tafsilotlari bilan qiziqdi va O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi bilan hamkorlikda ushbu holatni o‘rgandi.

Kuyovning suddagi ko‘rsatmasi

2014 yil. 20 yashar Sh.R. o‘zi yashaydigan ko‘chada yashaydigan M.Yu.ni yaxshi ko‘rib qoladi. Ikki yoshning o‘rtasida iliq munosabatlar paydo bo‘ladi va ular gaplashib turishadi. O‘sha vaqtlarda M.Yu.ning oila a’zolari bilan munosabatlari yaxshi bo‘lmagan. Shu bois u qarindosh-urug‘lari, tanish-bilishlarinikida yashab yuradi. Sh.R. M.Yu.ning xulqi yaxshi emasligi, bokira bo‘lmaganini bila turib, uni yaxshi ko‘rgani bois uylanmoqchi bo‘ladi. Biroq bunga yigitning onasi qarshi chiqadi. 

2018 yilning fevral oyida M.Yu.ning homiladorligi ma’lum bo‘ladi. Yigit buni o‘z onasiga kelib aytadi. Shundan so‘ng Sh.R.ning onasi qizning uysiz, ko‘chalarda sarson bo‘lib yurganini o‘ylab, o‘g‘lining o‘sha qizga uylanishiga rozi bo‘ladi. 2018 yilning 8 may kuni qo‘ni-qo‘shni, qarindosh-urug‘ ishtirokida uyda kichik to‘y o‘tkaziladi. Yigit va qiz shar’iy nikohdan o‘tadilar. 

2018 yilning oktyabr oyida Sh.R. va M.Yu. jajji qizaloqli bo‘ladilar. Oradan ko‘p o‘tmay, M.Yu.ning onasi G.Yu. paydo bo‘ladi va yosh kelin-kuyovning hayotiga aralashishni boshlaydi. M.Yu. ham onasining yoniga serqatnov bo‘lib qoladi. 

2019 yil 29 iyul kuni Sh.R. ishga navbatchilikka ketganida M.Yu. qaynonasini boxabar qilmay, qizini olib, uydan chiqib ketadi. Yigit uyga qaytgach, xotinining uyda emasligini biladi va 31 iyul kuni uni olgani qaynonasinikiga boradi. Eshikni ochgan G.Yu. qizi uyda emasligini aytadi. Oradan bir necha kun o‘tgach, kuyov o‘z onasi bilan rafiqasining opasinikiga boradi. M.Yu.ning opasi ham singlisining qayerdaligini bilmasligini aytadi va singlisiga o‘z telefonidan qo‘ng‘iroq qiladi. U singlisi M.Yu.ga uyiga qaytishi kerakligini uqtiradi. Birozdan keyin M.Yu. begona raqamdan eriga qo‘ng‘iroq qilib, ayni vaqtda Qo‘qon shahrida ekani va uyga qaytmasligini aytadi. 

2019 yilning 13 avgust kuni soat 09:00. Sh.R. uyiga kelganida unga qaynonasi G.Yu. qo‘ng‘iroq qiladi va kuyovini o‘z uyiga chaqiradi. Sh.R. qaynonasinikiga borganida, turmush o‘rtog‘i M.Yu.ni va qizi Hadichani ko‘radi. U qizining ancha homushligi va o‘zini oldirib qo‘yganini payqaydi. Qaynona kuyoviga onasi va singlisi nabirasini ko‘rgani kelishlarini taqiqlaydi. Shundan keyin R.Sh. ortiga ravona bo‘ladi va bo‘lib o‘tgan voqealarni onasi va xolasiga aytib beradi. Yigitning onasi va xolasi unga rafiqasi M.Yu. va qizini olib kelishini aytishadi. Yigit unamaydi. O‘g‘lining norozligini ko‘rgan ona kelini va nabirasini olib kelish uchun uydan chiqib ketadi. Oradan 5-10 daqiqa o‘tgach, Sh.R. tashqaridan onasi va qaynonasi G.Yu.ning ovozini eshitadi. Yigit onasiga bo‘layotgan qo‘pol munosabatdan jahl otiga minib, oshxona pichog‘ini olib, ko‘chaga otiladi. Shu vaqt yigitning onasi D.R. qudasi G.Yu. bilan gaplashayotgan, rafiqasi M.Yu. esa ulardan 5-6 metr narida yurib ketayotgan edi. 

Bo‘lib o‘tgan voqealardan qattiq g‘azablangan Sh.R. turmush o‘rtog‘i M.Yu.ning ortidan yugurib, unga yetib oladi va qo‘lidagi pichoqni unga sanchadi. Shu vaqt bunga guvohlik yilgan qaynona yugurib keladi va kuyoviga tashlanadi. Kuyov uni itarib yuboradi, o‘tkir tig‘li pichoqdan qaynona ham jarohatlanadi. Kelin esa jonini asrab qolish uchun qochishga harakat qiladi. Yigitning onasi D.R. o‘g‘lini to‘xtatib qolish uchun uning oyoqlariga yopishadi. Yigit onasini ham siltab, qo‘lidagi pichoq bilan xotini M.Yu.ning ortidan quvadi. M.Yu. ko‘cha boshiga borganida, ortidan Sh.R. yetib kelib, unga 30 marta pichoq uradi. Biroq, kuyov suddagi ko‘rsatmasida necha marta pichoq urganini eslolmasligini aytadi. Kelin voqea joyida jon beradi.

Rafiqasini jiddiy jarohatlagan yigit bu bilan cheklanmaydi. Endi u yana ortiga qaytib, qaynonasi bilan chala qolgan ishini bitirmoqchi bo‘ladi. O‘sha vaqtda qaynonasi G.Yu. yerda yotardi va yotgan joyida kuyovini haqorat qiladi. Bundan jahli chiqqan kuyov qaynonasiga ham 7 marta pichoq sanchadi. Bu orada yigitning ukasi I.R. va qo‘shnisi kelib, uning qo‘lidan pichoqni olib qo‘yishadi. G.Yu. shifoxonaga olib ketiladi. Ko‘rsatilgan muolajalarga qaramay u ham vafot etadi.  

Ayblanuvchi suddagi ko‘rsatmasida, qaynonasiga necha marotaba pichoq urganini eslay olmasligi, uni o‘ldirish niyati ham bo‘lmagani, o‘zi nima qilib qo‘yganini ham anglab yetmagani, keyin ichki ishlar organi xodimlariga o‘zini ixtiyoriy ravishda topshirgani, qilmishidan pushaymon ekani haqida ko‘rsatma berib, suddan yengillik berishini so‘raydi. 

Aslida kuyov Sh.R. bundan oldin ham sudlangan edi. U muqaddam jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudining 2017 yil 3 maydagi hukmiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi JKning 277-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan aybli deb topilib, 1 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan. 2018 yil 17 iyul kuni jazoni to‘liq o‘tab bo‘lgan.

So‘z kelinning buvisiga 

Sudda kelinning buvisi marhuma G.Yu.ning onasi X.X. ham ko‘rsatma beradi. U sud majlisida sudlanuvchi ham, uning onasi ham tuhmat qilayotgani, qizini ham, nabirasini ham xulqi yaxshi bo‘lgani, nabirasini o‘zi tarbiya qilganini aytadi. U o‘z ko‘rsatmalarida nabira kuyovining aytganlariga qarshi chiqadi. Qizi va nabirasining dog‘ini ko‘rgan buvi M.Yu. uydan chiqib ketganida, Qo‘qon shahrida emas, balki uning Yuqorichirchiq tumanidagi uyida yashaganini aytadi. 

U qizi va nabirasining qotili Sh.R.ga eng og‘ir jazo berishlarini so‘raydi.

Qaynona qaynadimi yo kelin aynadi?

Sud majlisida yigitning onasi D.R. ham ko‘rsatma berdi. U o‘g‘li Sh.R. M.Yu.ni yaxshi ko‘rib qolgani, o‘sha vaqtlarda qizning xulqi yaxshi bo‘lmagani uchun ularning to‘yiga ruxsat bermagani, keyinroq, qiz o‘g‘lidan homilador bo‘lib qolganini bilgach, ularning oila qurishiga ruxsat berganini aytadi. 

Qaynonaning ta’kidlashicha, to‘yga kelinining oila a’zolaridan hech kim kelmagan. 2018 yilning 22 oktyabr kuni o‘g‘li Sh.R. qiz farzandli bo‘ladi. Bungacha ularning turmushi yaxshi kechadi, biroq oradan ko‘p o‘tmay, mahallada kelinining onasi paydo bo‘lgach, oilaviy munosabatlarga darz ketishni boshlaydi. U kelinining fe’li o‘zgarib qolgani, o‘g‘lini ham hurmat qilmay qo‘yganini aytadi. 

2019 yil iyul oyi oxirlarida D.R. dala hovlidan kelganida uy eshigi ochiq, kalit esa eshik zulfida qolgandi. Kelin M.Yu. esa uyda bo‘lmagan. Bu orada Sh.R. keladi va bundan jahli chiqadi. Qaynonaning ta’kidlashicha, o‘g‘li Sh.R. xotinini qaytarish uchun uydan chiqib ketadi. Uning iddao qilishicha, bu vaqtda kelini M.Yu. birinchi eri bilan birga Qo‘qon shahriga yashash uchun ketgan bo‘lgan. 

2019 yilning 13 avgust kuni soat 08:30 larda Sh.R. ishdan keladi. Shu vaqtda uni qaynonasi G.Yu. chaqiradi va uning yoniga chiqib ketgan Sh.R. ko‘p o‘tmay, uyiga qaytadi va onasini quchoqlab yig‘laydi. U o‘sha vaqt onasiga qizining ahvoli yaxshi emasligini aytadi. 

Jinoyat uchun jazo muqarrar

2019 yilning 20 dekabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Sudda aniqlangan holatlarga ko‘ra, sudlanuvchi Sh.R. turmush o‘rtog‘i M.Yu. uni tashlab ketib, farzandini unga bermagani, qaynonasi G.Yu. esa unga qo‘pol munosabatda bo‘lib, oilasinig buzilishiga sababchi bo‘lgani uchun, ulardan o‘ch olish maqsadida  oldindan har ikkisini ham o‘ldirishga harakat qilgan. 

Sud majlisida Sh.R. O‘zbekiston Respublikasi JKning 97-moddasi 2-qismi “a, j” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topildi. Unga O‘zbekiston Respublikasi JKning 97-moddasi 2-qismi “a, j” bandlari bilan 21 (yigirma bir) yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘tashi, jazoni o‘tash muddati 13.08.2019 yildan hisoblanishi belgilandi. 


Maqola muallifi

Teglar

jinoyat

Baholaganlar

1241

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing