Xotin-qizlar uchun qo‘shimcha grant asosida OTMga kirishi mumkin

Jamiyat

image

Kam ta’minlangan oiladan chiqqan xotin-qizlar va to‘liqsiz oilada tarbiyalanayotgan, ya’ni ota yoki onasi vafot etgan xotin-qizlarga maxsus tavsiyanoma beriladi. Bu haqda joriy yilning 23 iyun kuni hukumat tomonidan qabul qilingan Oliy ta’lim muassasalariga qo‘shimcha davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari doirasida xotin-qizlarga tanlovda ishtirok etish uchun tavsiyanoma berish va ularni o‘qishga qabul qilishni tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomda so‘z boradi.

Nizomga muvofiq, 14 yoshgacha bo‘lgan ikki va undan ortiq farzandlarni tarbiyalayotgan, boshqa qarindoshlaridan alohida yashayotgan yolg‘iz ayol (erkak)larning qizlari, shaxsiy uy-joyga ega bo‘lmagan, ijarada yashayotgan oilalar hamda ota-onalardan biri yoki har ikkisi ishsiz bo‘lgan va ish qidiruvchi shaxs sifatida aholi bandligiga ko‘maklashish markazlarida hisobda turganlar tavsiyanoma olishadi.

Bundan tashqari, nogironligi bo‘lgan farzandi bor oilalardan chiqqan xotin-qizlar va oliy ma’lumotli xotin-qizlar bilan qamrab olish darajasi respublikaning o‘rtacha ko‘rsatkichlaridan ikki yoki undan ortiq marotaba past bo‘lgan tumanlar, shuningdek, olis va borish qiyin bo‘lgan hududlarda yashovchi oilalardagi qiz farzandlar (ularni o‘z hududida 3 yil ishlash sharti bilan) ham tavsiyanoma olishlari mumkin.

Ma’lum qilinishicha, har yili fevral oyida xotin-qizlarga tavsiyanomalar berish bo‘yicha ishchi guruhi tuziladi.

“Tuman (shahar) mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limlari tavsiyanoma olish maqsadida murojaat etgan xotin-qizlarning hujjatlarini har yili 10 mayga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmalariga taqdim etadi”, deyiladi xabarda.

Ishchi guruh tomonidan saralab olinib, qo‘shimcha qabul ko‘rsatkichlari uchun tanlovda ishtirok etishga tavsiya etilgan xotin-qizlarning ro‘yxati har yili 15 iyunga qadar Davlat test markaziga taqdim etiladi hamda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.

Tavsiyanoma oliy ma’lumot olish istagida bo‘lgan xotin-qizlarga 3 yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga beriladi.

Ta’kidlab o‘tish joizki, tavsiyanoma ajratilgan qo‘shimcha to‘rt foizli davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari doirasida abituriyent sifatida ro‘yxatdan o‘tishida tanlagan birinchi ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha tanlovda ishtirok etish huquqini beradi. Ikkinchi va undan keyingi oliy ta’lim olish uchun tanlovda ishtirok etishga nisbatan tatbiq etilmaydi.


Maqola muallifi

Teglar

OTM xotin-qizlar

Baholaganlar

210

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing