Hosteldagi yong‘in ortidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
3-sahifa
−
30 noyabr 2023
4275Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari Olmaotadagi hostelda sodir bo‘lgan va 13 kishining o‘limiga olib kelgan yong‘in yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Bu haqda Respublika Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
“Hosteldagi yong‘in sabablarini o‘rganish uchun vazir general-mayor Sirim Sharipxonov boshchiligida Favqulodda vaziyatlar vazirligining tezkor guruhi yuborildi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘in yerto‘la yo‘lagida kelib chiqqan. Mazkur yong‘in fakti yuzasidan Olmaota shahar Favqulodda vaziyatlar departamenti tomonidan Jinoyat kodeksining 292-moddasi (yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan”, deyiladi xabarda.
Yong‘in joyida tergovchilar va boshqarmaning yong‘in sinov laboratoriyasi mutaxassislari ishlamoqda. Bo‘limning ta’kidlashicha, ushbu muassasa bir yarim oy oldin hostelga aylantirilgan. Yotoqxonaning maydoni 457 kv metr.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 30 noyabr kuni soat 05:33 atrofida Olmaota shahrining Adi Sharipov ko‘chasida joylashgan binoda yong‘in chiqdi. Favqulodda vaziyat vaqtida ichkarida 72 kishi bo‘lgan. Ularning aksariyati evakuatsiya qilingan. Qutqaruvchilar yetib kelgach, 13 kishining jasadi topilgan. Ulardan 9 nafari Qozog‘iston, ikki nafari O‘zbekiston va yana ikkisi Rossiya fuqarolari ekani aniqlandi. Shuningdek, ikki kishi shifoxonaga yetkazilgan. Dastlabki taxminlarga ko‘ra, qurbon bo‘lganlar karbon monoksit (is gazi)dan zaharlanish oqibatida vafot etgan bo‘lishi mumkin.
Yong‘in sodir bo‘lgan hududga o‘t o‘chirish xizmatining 46 nafar xodimi va Olmaota Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining 13 ta texnikasi jalb qilingan.
Yong‘in va o‘lim sabablari aniqlanmoqda.