Xorvatiya terma jamoasi murabbiyi ishdan ketdi
Sport
−
08 iyul 1569 1 daqiqa
Zlatko Dalich Xorvatiya milliy terma jamoasi bosh murabbiyi lavozimini tark etdi. Bu haqda Xorvatiya futbol federatsiyasining (HNS) rasmiy saytida xabar berildi.
“Qariyb to‘qqiz yillik faoliyatdan so‘ng bosh murabbiy Zlatko Dalich Xorvatiya milliy terma jamoasidagi nihoyatda muvaffaqiyatli faoliyatini yakunlashga qaror qildi. Sizga g‘alabalar, yutuqlar, yirik musobaqalarga yo‘llanmalar, medallar, jamoadagi birlik muhiti, o‘zaro hurmat hamda Xorvatiya sharafini maydonda va maydon tashqarisida munosib himoya qilish yo‘lidagi beqiyos fidoyiligingiz uchun minnatdorlik bildiramiz”, deyiladi federatsiya bayonotida.
Joriy yilning 2 iyul kuni Xorvatiya terma jamoasi 2026 yilgi Jahon chempionati 1/16 final bosqichida Portugaliyaga 1:2 hisobida mag‘lub bo‘lib, musobaqani tark etgan edi.
Dalich Xorvatiya terma jamoasi tarixidagi eng muvaffaqiyatli va eng uzoq vaqt ishlagan bosh murabbiy sifatida faoliyatini yakunladi. U jamoani 2018 yilgi Jahon chempionatida kumush, 2022 yilgi mundialda esa bronza medallariga ega chiqishiga hissa qo‘shgan.
Shuningdek, uning boshqaruvi ostida Xorvatiya 2023 yilgi UEFA Millatlar ligasida kumush medalni qo‘lga kiritdi. Jamoa, bundan tashqari, 2021 va 2024 yilgi Yevropa chempionatlari hamda 2026 yilgi Jahon chempionati final bosqichlarida ham ishtirok etdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Germaniya milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Yulian Nagelsmann ham Jahon chempionatidagi muvaffaqiyatsizligi sabab o‘z lavozimini tark etgandi.
Live
Barchasi