Xorazmdagi bog‘chalar vaqtinchalik yopildi
Jamiyat
−
13 iyul 1976 2 daqiqa
Xorazmda barcha davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati vaqtinchalik to‘xtatiladi. Bu haqda viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Xorazm viloyatida 14 iyuldan boshlab bir necha kun davomida havo haroratining 44-45 darajagacha ko‘tarilishi kutilmoqda. Shu munosabat bilan, Xorazm viloyati Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasining tavsiyasiga muvofiq, maktabgacha yoshdagi bolalarning hayoti va salomatligini muhofaza qilish maqsadida 2026 yil 14 iyuldan 17 iyulga qadar Xorazm viloyatidagi barcha davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati vaqtinchalik to‘xtatiladi.
Bildirilishicha, davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati 2026 yil 20 iyuldan odatiy tartibda davom ettiriladi.
“Hurmatli ota-onalardan ushbu vaqtinchalik cheklovni farzandlarimizni asrashga qaratilgan profilaktik chora sifatida to‘g‘ri qabul qilishlarini hamda bu davrda bolalarning salomatligiga alohida e’tibor qaratishlarini so‘raymiz”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda joriy hafta oxirigacha jazirama kuchayib, havo harorati ayrim hududlarda 44 darajagacha ko‘tarilishi kutilayotgani haqida xabar berilgan edi. Jazirama sababli Sog‘liqni saqlash vazirligi jazirama yoz kunlarida aholiga issiq ob-havo ta’siridan himoyalanish va salomatlikka e’tibor qaratish bo‘yicha tavsiyalar berdi.
Shuningdek, jazirama sababli Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahri va yana 8 tumanidagi bog‘chalar faoliyati vaqtincha to‘xtatilishi belgilandi. Keyinroq esa Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bu choralar O‘zbekistondagi barcha hududlarda joriy qilinishini ma’lum qildi.
Live
Barchasi