Xorazmda tergovchiga pora bergan shaxs ushlandi (video)
3-sahifa
−
11 may
7606Xorazm viloyatida olib borilgan “Xavfsiz va sog‘lom yurt” tezkor profilaktik tadbirida jinoyat ishini tugatish uchun tergovchiga pora bergan shaxs ushlandi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Qo‘shko‘pir tumanida yashovchi 2004 yilda tug‘ilgan shaxs joriy yilning 15 aprel kuni qariyb 750 gramm “opiy” giyohvandlik vositasini qonunga xilof ravishda o‘tkazish bilan bog‘liq jinoiy holat yuzasidan ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olinib, Urganch tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilayotgan edi. Shundan keyin Qo‘shko‘pir tumanining Oshoqqal’a mahallasida istiqomat qiluvchi 1979 yilda tug‘ilgan shaxs o‘ta og‘ir turdagi jinoyatni sodir etishda gumonlanayotgan mahalladoshini jinoiy javobgarlikdan qutqarib qolish maqsadida jinoiy ishi yuzasidan dastlabki tergov harakatlarini olib borayotgan tergovchini pora evaziga og‘dirib olishni reja qilib, u bilan uchrashib, mazkur jinoyat ishini tugatishni iltimos qilgan. Evaziga esa 25 ming dollar pora taklif qilgan.
Tergovchining pora olish va berish harakati jinoiy javobgarlikka tortish uchun sabab bo‘lishi to‘g‘risida qayta-qayta ogohlantirishiga beparvo qaragan va uni pora olishga undashda davom etgan. Tergovchi esa bu haqida mas’ullarga bildirgi orqali ma’lum qilgan.
Ushbu shaxs joriy yilning 8 may kuni IIV Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi viloyat bo‘limining Prokuratura departamenti bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbirida 20 ming dollarni tergovchiga berayotganida ushlandi. Gumondorning yonida bo‘lgan narsalar xolislar ishtirokida tekshirilganda, uning cho‘ntagida yana 5000 dollar borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olingan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 211- moddasi (pora berish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
LiveBarchasi