Xorazmda sifatsiz dars o‘tgan o‘qituvchilarga “hayfsan” berildi

Jamiyat

image

Xorazm viloyatining Gurlan tumanidagi maktabda sifatsiz dars o‘tgan o‘qituvchilarga "hayfsan" berildi. Bu haqda Bolalar ombudsmani xabar berdi.

Bildirilishicha, Bolalar ombudsmani Kotibiyatiga Xorazm viloyatida yashovchi L.K. dan murojaat kelib tushgan. Unda fuqaro L.K. 2015 yilda tug‘ilgan farzandi D.D. Gurlan tumanidagi 34-sonli umumta’lim maktabida tahsil olishini, ushbu ta’lim maskani o‘qituvchilari A.Z. va D.A. larning boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga bilim berish darajasi yetarli emasligi sababli o‘qituvchilarni o‘zgartirish bo‘yicha maktab direktori Q.Q. ga murojaat qilganligini bildirgan. 

Biroq bu holat maktab direktori tomonidan e’tiborsiz qoldirilgani, maktab faoliyati qoniqarsiz darajada ekani bo‘yicha tegishli tashkilotlarga murojaat qilinganiga qaramasdan holat yuzasidan mas’ullarga chora ko‘rilmayotgani aytilgan. 

Qayd etilishicha, Bolalar ombudsmanining Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga so‘rovi asosida Xorazm viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi ishchi guruhi tomonidan holat o‘rganilgan va fuqaro L.K. ning farzandi o‘qiyotgan sinfdagi ta’lim sifati haqiqatan ham talab darajasida emasligi aniqlangan. 

Mazkur sabablarga ko‘ra, 34-sonli maktab o‘qituvchilari A.Z. va D.A. larga nisbatan “hayfsan” intizomiy chorasi qo‘llanildi. 

Shu bilan birgalikda, maktab direktori Q.Q. maktabda ta’lim sifatini oshirish, o‘qituvchilar faoliyatini doimiy nazoratga olish va bunday holatlarga yo‘l qo‘yilmaslik bo‘yicha ogohlantirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

maktab Xorazm o'qituvchi Gurlan

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing