Xorazmda qurilish bo‘limi sobiq boshlig‘i va hokimlik mansabdorlari ushlandi
3-sahifa
−
02 iyul
8479Xorazm viloyatining Urganch tumanida yer uchastkalari berish masalalarini ko‘rib chiqish bo‘yicha sobiq komissiya mansabdor shaxslari, tuman qurilish bo‘limi sobiq boshlig‘i va bir nechta shaxslarga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda viloyat prokuraturasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Urganch tumani hokimligining yer uchastkalari berish (realizatsiya qilish) masalalarini ko‘rib chiqish bo‘yicha sobiq komissiya mansabdor shaxslari mansab vakolatlarini suiiste’mol qilib, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari qurilishi uchun 41 ball bonitetli 1,5 gektar sug‘oriladigan ekin yer maydonini ajratib berish to‘g‘risida tuman hokimining noqonuniy qarori qabul qilinishiga erishgan.
Shuningdek, 15.000 kv metr qurilishi tugallanmagan noturar joy ob’ektining qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer maydonlarida joylashgani hamda Urganch shahrining bosh rejasiga muvofiq, yo‘l hududida ob’ektlar joylashtirib bo‘lmasa-da ob’ekt ixtisosini o‘zgartirishga noqonuniy ruxsatnoma berilgan. Oqibatda, 14.200 kv metr yer maydonida turar-joylar qurilib, sotib yuborilgan davlat va jamoat manfaatlariga 756 million 531 ming so‘m zarar yetkazilgan.
Ushbu holatlar bo‘yicha Urganch tumani hokimligining yer uchastkalari berish masalalarini ko‘rib chiqish bo‘yicha sobiq komissiya mansabdor shaxslari, tuman qurilish bo‘limi sobiq boshlig‘i hamda boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 205-moddasi (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) 2-qismi “a” bandi va 229-4-moddasi (Yer berish tartibini buzish) 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda viloyat prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.