Xorazmda qadimiy bilaguzuklarni yashirincha olib chiqmoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi

Jamiyat

image

Xorazm viloyati “Shovot” chegara bojxona postida 2 dona qadimiy bilaguzukni yashirincha olib chiqishga uringan shaxs to‘xtatib qolindi. Bu haqda Xorazm viloyati bojxona boshqarmasi xabar berdi. 

Ma’lum qilinishicha, yo‘lovchi “yashil” yo‘lak orqali harakatlangan vaqtida 520 grammdan og‘irroq bo‘lgan bilaguzuklarni qo‘l yuki orasiga yashirib, xorijga olib chiqmoqchi bo‘lgan. 

San’atshunoslik ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, nikel, mis, qalay va kumush aralashmasidan qo‘lda ishlangan ushbu bilaguzuklar XX asr boshlariga mansubligi ma’lum bo‘lgan. Shu sababli ham ular tarixiy qiymatga ega madaniy boylik hisoblanadi.

“Jinoyat ishlari bo‘yicha Shovot tuman sudining qaroriga asosan qadimiy ashyolar davlat egaligiga o‘tkazildi va Xiva “Ichan-qal’a” davlat muzeyi qo‘riqxonasiga topshirildi”, deyiladi xabarda.  

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasining 1998 yil 29 avgustdagi “Madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi to‘g‘risida”gi qonuni hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999 yil 23 martdagi “Madaniy boyliklarni olib chiqilishi va olib kirilishi to‘g‘risida”gi nizom talablariga muvofiq ellik yil muqaddam va undan ham oldin yaratilgan madaniy boyliklarni O‘zbekiston Respublikasi hududidan olib chiqish mumkin emas.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buxoro aeroportida jami 96 dona numizmatika ashyolarini xorijga olib chiqmoqchi bo‘lgan shaxs ushlangandi.


Maqola muallifi

Teglar

bojxona Xorazm bilaguzuk

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing