Xorazmda ehson qutisini o‘marishga uringan shaxs qo‘lga tushdi
3-sahifa
−
25 Sentabr
2880Xorazm viloyatida Milliy gvardiya qo‘riqlash xodimi tomonidan ehson qutisidagi pullarni o‘g‘irlashga uringan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda Milliy gvardiya matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, bugun, 25 sentyabr kuni ertalab soat 06:15 larda, Shovot tumani Beshmergan mahallasida joylashgan “Yusuf Hamadoniy” ziyoratgohida xizmat olib borayotgan qo‘riqlash xodimi noma’lum shaxs ziyoratgohga tegishli bo‘lgan ehson qutisini ochishga urinayotganini ko‘rib qolib, uni voqea joyida qo‘lga olgan va navbatchilik qismiga xabar bergan.
Bildirilishicha, voqea joyiga zudlik bilan yetib kelgan Shovot tumani qo‘riqlash bo‘limi tezkor harakatlanuvchi guruh xodimlari tomonidan holat o‘rganilganda, ehson qutisidagi pullarni o‘g‘irlamoqchi bo‘lgan ushbu shaxs Gurlan tumanida yashovchi 33 yoshli M.M. ekanligi ma’lum bo‘lgan.
“Hozirda mazkur holat yuzasidan tuman IIB mas’ul xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Navoiy viloyatida 2 hafta davomida bir nechta masjidning ehson qutilaridagi pullarni o‘marib kelgan 27 yoshli yigit ushlangan edi.
LiveBarchasi