Xorazmda ayol shifokorlar aybi bilan vafot etgani aytilmoqda
Jamiyat
−
19 Sentabr 2022
9631Ijtimoiy tarmoqlarda Xorazm viloyatida fuqaro shifokorlar aybi bilan vafot etganligi haqida xabarlar tarqaldi. Ushbu holat yuzasidan viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 12 sentyabr kuni Yangibozor tuman tibbiyot birlashmasi tug‘uruq kompleksida tumanning Shirinqo‘ng‘irot qishlog‘i, “Ochanqal’a” mahallasida yashagan, 1998 yilda tug‘ilgan fuqaro G.B.da tug‘uruqdan keyin qon ketish kuzatilgach, bachadon ortig‘i bilan olish jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan.
Jarrohlik amaliyotidan keyin G.B. 13 sentyabrda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Xorazm filialiga o‘tkazilgan va ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramay, 14 sentyabrda filialning jonlantirish bo‘limida vafot etgan.
Fuqaro G.B.ning o‘limi sababini aniqlash yuzasidan sud – tibbiy ekspertizasi hamda unga ko‘rsatilgan tibbiy yordamning to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligini aniqlash yuzasidan komissiyaviy sud – tibbiy ekspertizasi, shifokorlarning harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlangan.
Hozirda holat yuzasidan Yangibozor tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda.