Xorazmda Adliya va FVB rahbarlari Mehribonlik uyi qizlari bilan jinsiy aloqada bo‘lib kelgani oshkor bo‘ldi
3-sahifa
−
01 aprel 2023
40661O‘zbekistondagi viloyatlardan birida (Xorazm viloyati ekani aytilmoqda) Oilaviy mehribonlik uyi rahbari o‘z vasiyligidagi 3 nafar qizni tanlab oldi va 10 oy davomida (2021 yil may – 2022 yil fevral) moddiy rag‘bat evaziga turli erkaklar bilan jinsiy aloqa qilishga majburlagan. Bu haqda Nemolchi.uz loyihasi xabar berdi.
2021 yil may oyi boshida mehribonlik uyi rahbari o‘sha paytda hali 16 yoshga to‘lmagan qizni tanlab, tanishlaridan biri bilan jinsiy aloqaga kirishga majbur qilgan. Qiz bunga qarshilik qilishiga qaramasdan, mudira o‘qlov bilan barcha bolalarning ko‘z o‘ngida qizning kichik ukasini kaltaklay boshlagan. Qizning irodasini sindirib, mudira keyinchalik uni o‘zi aytgan erkaklar bilan yotishga majbur qilib kelgan.
Viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i mudiraning muammolarini hal qilishda o‘z vakolatlarini ishga solishga va’da berib, 2021 yil aprel oyida unga xayriya sifatida printer sovg‘a qiladi (qurilma viloyat adliya boshqarmasi balansida bo‘lgan, ishlatilgan, keyinchalik yaroqsiz holga kelgan). Bunday “xayriya”dan bir necha hafta o‘tgach, erkak mehribonlik uyi rahbaridan unga jinsiy ehtiyojlarini qondirish uchun qiz berishni talab qiladi. Shunda mudira 17 yoshli yetim qizni tanlaydi va uni och qoldirib, tashqariga chiqishini ta’qiqlab boshqa bolalardan ajratib qo‘yadi.
Keyin mudira viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i unga 250 ming so‘mlik sport oyoq kiyimi olib bergani uchun u bilan jinsiy aloqa qilishga majbur ekanligini aytadi. Erkak qiz bilan jinsiy aloqada bo‘lishi uchun Adliya boshqarmasi tomonidan viloyat adliya boshqarmasi xodimlariga ajratilgan xonadondan foydalangan.
Oradan bir oy o‘tib, 2021 yil iyun oyida u yana mudiradan qiz talab qilib, 15 yoshli qiz bilan ham shu xonadonda jinsiy aloqa qiladi. Uzoq vaqt o‘tmasdan o‘sha kvartiraga yana bir “qurbon” olib kelinadi, u ham jinsiy aloqa qilishga majburlanadi – bu 16 yoshli maktab o‘quvchisi edi. Voqealar qayta-qayta takrorlanib, o‘n oy davomida viloyat adliya boshqarmasining xizmat xonadoni jinsiy aloqa maydoni sifatida xizmat qiladi.
Favqulodda vaziyatlar bo‘limining tuman bo‘limi boshlig‘i ham avvalgi amaldordan qolishmay, Mehribonlik uyi rahbariga uning muammolarini hal qilishda yordam berishini aytadi. May oyi boshida homiylik sifatida bolalar uchun divan, shkaf, oshxona stoli sovg‘a qiladi va bolalarga turli shirinliklar olib keladi. Buning evaziga 2021 yil iyun oyi boshida u ham jinsiy aloqa qilish uchun qiz talab qilib, mehribonlik uyi yotoqxonasida yuqorida tilga olingan 17 yoshli yetim qiz bilan jinsiy aloqada bo‘ladi. Iyun oyining oxirida u mehribonlik uyi rahbariga 200 ming so‘m berib, yana shu qiz bilan birga bo‘ladi. Keyin esa mehribonlik uyiga oziq-ovqat va ichimliklar olib keladi va buning evaziga 15 yoshli qizni jinsiy aloqa qilishga majburlaydi. Qizlar u bilan bir necha bor jinsiy aloqa qilishga majbur bo‘lishadi.
“Biz bu qizlar bilan kim va qay tarzda jinsiy aloqa qilganini tasvirlamaymiz, ular voyaga yetmaganligi va qaram holatda ekanligidan umuman xijolat tortishmagan, ya’ni qizlar jinsiy aloqaga rozi emasligini bildira olmagan. Amaldorlar g‘amxo‘rlik qilishi kerak bo‘lgan voyaga yetmagan qizlar butunlay himoyasiz qoldi. Rahbar aloqalari va vakolatlari bo‘lgan amaldorlar bilan “yotish”ga majbur qilsa, ular kimga ham shikoyat qilishi mumkin? Bu qizlar ichki ishlar yoki prokuraturaga borsa, kim ularni eshitardi? Qizlarning ruhiyati buzildi, ularga davlat hiyonat qildi, ular go‘yoki buyumday sotildi. Albatta, sud jarayonida barcha ayblanuvchilar qizlar buni o‘z ixtiyori bilan qilgani, ularni hech kim majburlamaganini aytishdi. Bu qizlarning tanlash erkinligi bormidi, degan savolni hech kim o‘ziga bermadi…”, deb yozgan manba.
2022 yilning sentyabr oyida birinchi instansiya sudi ularni quyidagi jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topgan:
Mahalliy oilaviy bolalar mehribonlik uyi mudirasi Jinoyat kodeksi 135-moddasi 3-qismi “a” bandi (18 yoshga to‘lmagani aybdorga ayon bo‘lgan shaxsga nisbatan sodir etilgan odam savdosi), 167-moddasi 2-qismi “g” bandi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 209-moddasi 1-qismida (Mansab soxtakorligi) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topildi. Sud unga 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.
Viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i va favqulodda vaziyatlar bo‘yicha tuman boshqarma boshlig‘i Jinoyat kodeksining 128 (O‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) va 128-1-moddasida (O‘n olti yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan shaxs bilan moddiy qimmatliklar berish yoxud mulkiy manfaatdor etish orqali jinsiy aloqa qilish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topildi. Ularning har ikkisiga 1,5 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi: bu vaqt davomida ularga 22:00 dan 06:00 gacha uydan chiqish taqiqlanadi. Shuningdek, probatsiya organlarini ogohlantirmasdan yashash joyini o‘zgartirishlari va yashash tumani chegaralarini tark etishi taqiqlanadi.
2022 yilning dekabr oyida apellyatsiya instansiyasi sudi sud qarorini o‘zgartirishsiz qoldirdi.
“Mansabdor shaxslarga qonunga muvofiq bir yarim yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Yuqorida tasvirlangan holatda ularga nisbatan yetarli jazomi? Afsuski, hatto idoralar xodimlari orasida ham o‘zlari buzuq bo‘lgan voyaga yetmagan qizlar borligiga ishonadiganlari bor, qizlar erkaklarga osilib, jinsiy aloqa qilishni xohlasharmish. Hech kim sabablar haqida o‘ylashni xohlamaydi”, deb yozgan “Nemolchi”.