Xorazmda o‘zidan “ko‘cha” yasab olganlar qamaldi (video)
3-sahifa
−
23 yanvar 6502 2 daqiqa
Xorazm viloyatida o‘zidan “ko‘cha” yasab olgan, “Jommi Darital”, “Malish” va “Rasul qilich” nomlari bilan tanilgan uch kishiga jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ular qamoqqa olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Urganch tumanida yashovchi, tanishlari va aholi orasida “Jommi Darital” laqabi bilan tanilgan 30 yoshli fuqaro Urganch shahar markaziy dehqon bozori hududida bir yigitni to‘xtatib, turli bahonalar bilan hech qanday sababsiz kaltaklagan.
Jabrlanuvchining Ichki ishlar organlariga qilgan murojaati bo‘yicha surishtiruv boshlangach, “Jommi Darital” jabrlanuvchiga ruhiy va jismoniy bosim o‘tkazishga uringan. Shundan keyin u tezkor xodimlar tomonidan ushlangan va shu yerning o‘zida uning yonlari ko‘zdan kechirilganida, og‘irligi 3 gramm bo‘lgan marixuanani qonunga xilof ravishda yonida saqlab qo‘ygani ma’lum bo‘lgan va tegishli tartibda ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.
Yana bir holatda, Bog‘ot tumanida yashovchi, “Malish” laqabli, muqaddam bezoriligi uchun sudlangan 29 yoshli fuqaro sportning boks turi bilan shug‘ullanib kelayotganini boshqalardan jismoniy ustunlik sifatida baholab, 18 yanvar kuni Bog‘ot tumanida yashovchi 1998 yilda tug‘ilgan yigitni yuzma-yuz gaplashish uchun oldiga chaqirganida kelmaganini sabab qilib, uning yashash xonadoniga borgan. Uning qarshiligiga qaramay uyiga kirib, tanasining turli joylariga urib, qasddan jarohat yetkazib, bezorilik jinoyatini sodir etgan.
Qolaversa, “Rasul qilich” laqabli 35 yoshli xivalik fuqaro kirakashlik bilan shug‘ullangan. 13 yanvar kuni u Xiva – Urganch yo‘nalishida ishlaydigan tanish haydovchini ta’qib qila boshlagan. Uning yo‘lini to‘sib, mashinani to‘xtatib, uni do‘pposlagan. Bu vaqtda mojaroni ajratish uchun kelgan erkak ham kaltaklangan.
Mazkur holatlar yuzasidan fuqarolarga nisbatan Jinoyat kodeksining 277-moddasi (bezorilik) 3-qismi bilan, Urganchlik “Jommi Darital”ga esa qo‘shimcha ravishda 276-moddasi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Gumondorlar ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijon viloyatida odamlarni qurol bilan qo‘rqitib, katta miqdorda pul undirgan “Shayton” laqabli shaxs va uning sheriklari qo‘lga olingandi.
Live
Barchasi