Xorazmda 81 ming kambag‘al aholining holati o‘rganildi
Jamiyat
−
12:36 487 2 daqiqa
Xorazm viloyatida iqtisodiy kompleksning barcha rahbarlari ikki hafta davomida 81 ming kambag‘al aholi, ya’ni 19 ming oilaning holatini o‘rgandi. Bu haqda bugun, 3 sentyabr kuni O‘zbekiston yetakchisining matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Prezident topshirig‘iga ko‘ra, iqtisodiy kompleksning barcha rahbarlari Xorazmda qolib, kambag‘allik bilan ishlash tizimini o‘zgartirish bo‘yicha tahlil o‘tkazgan.
Ikki hafta davomida viloyatdagi 81 ming kambag‘al aholi, ya’ni 19 ming oilaning holati o‘rganilgan. Ushbu oilalarda 12 ming ishsiz va 10 ming daromadi past aholi borligi aniqlangan.
Ayni paytda Xorazmdagi tadbirkorlar qurilish sohasiga 4 ming, xizmatlar sohasiga 3 ming va sanoatga 2,5 ming ishchi izlamoqda.
Bildirilishicha, mas’ullarga ishsiz va kam daromadli aholini korxonalar talabi asosida kasbga o‘qitib, ish bilan ta’minlash imkoniyatlarini ishga solish vazifasi qo‘yilgan.
Mavjud bo‘sh ish o‘rinlari va kasbga tayyorlash imkoniyatlaridan foydalanish orqali kambag‘al oilalardagi 10-15 ming nafar aholi daromadini oshirish mumkinligi qayd etilgan.
Ma’lumot uchun, bugun, 3 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadini oshirish bo‘yicha ishlarni yangi bosqichga olib chiqish masalalari muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq mazkur yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev ayrim hudud rahbarlari qo‘lidagi tayyor resurslardan samarali foydalanib, odamlarni ishli qilishga bilimi yoki toqati yetmayotganini aytgandi.
Live
Barchasi