Xorazmda 66 yoshli shaxs yarim kg “opiy” bilan qo‘lga tushdi

3-sahifa

image

Xorazm va Sirdaryo viloyatlarida avval giyohvandlik jinoyati uchun sudlangan uch shaxsdan jami 625 gramm “opiy” va “gashish” moddalari ashyoviy dalil sifatida olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

DXXning Xorazm viloyati bo‘yicha boshqarmasi, viloyat IIB hamda Bojxona boshqarmalari hamkorligida Tuproqqal’a tumanida o‘tkazilgan tadbirda “Surxondaryo – Xorazm” yo‘nalishida harakatlanayotgan Lacetti avtomobili to‘xtatilib, tekshirildi.

Tekshiruv davomida yo‘lovchi sifatida ketayotgan, Angor tumanida yashovchi, 1960 yilda tug‘ilgan va muqaddam giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyati uchun ikki marotaba sudlangan shaxsga tegishli paketdan 490 gramm “opiy” moddasi topilgan. Ma’lum bo‘lishicha, u qo‘shni davlatdan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan giyohvandlik vositasini Xorazm viloyatida sotmoqchi bo‘lgan.

Yana bir holatda “Toshkent – Xorazm” yo‘nalishida harakatlanayotgan 1968 yilda tug‘ilgan Onix avtomobili yo‘lovchisi Urganch shahrida yashovchi shaxsning yonidan 119 gramm “gashish” moddasi olingan.

Shuningdek, DXXning Jizzax viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda viloyat IIB xodimlari hamkorligida Sirdaryo viloyatining Oqoltin tumanida tezkor tadbir o‘tkazildi. Unda “Sirdaryo – Jizzax” yo‘nalishida harakatlanayotgan Lacetti avtomobili to‘xtatilgan.

Tekshiruv vaqtida avtomobil haydovchisi Jizzax shahrida yashovchi, 1974 yilda tug‘ilgan va muqaddam giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan shaxs shubha uyg‘otgan. Uning yonlari belgilangan tartibda ko‘zdan kechirilganda, oyoq kiyimi ichiga 16 gramm “opiy” yashirilgani aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olindi.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrida internet orqali faoliyat yuritgan narkodo‘konda qariyb 10 kilogramm giyohvandlik vositalari aniqlangani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing