Xorazm va Samarqandda “valyutchik”lar qo‘lga tushdi
3-sahifa
−
09 Oktabr
5648Xorazm va Samarqand viloyatlarida xorijiy valyutalarni noqonuniy ayirboshlash bilan shug‘ullanib kelgan shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Departamentning Payariq va Qo‘shrabot tumani bo‘limi, viloyat IIB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda valyuta ayirboshlash bilan shug‘ullanib kelgan fuqaro X.B fuqaro Yu.Q.ga 4 000 AQSH dollarini 50,9 million so‘mga sotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Payariq va Oqdaryo tumani bo‘limlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro B.U. fuqaro A.A.ga 3100 AQSH dollarini 39,5 million so‘mga sotgan vaqtida ushlanib, 3292 AQSH dollari, 10 yevro va 62 ming 410 Rossiya rubli ashyoviy dalil sifatida olingan.
Xorazm viloyatining Yangibozor tumanida esa D.G. fuqaro O.S.ga 3 400 AQSH dollarini 43 million so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 177-moddasi (Valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Davlat xavfsizlik xizmatining tezkor tadbiri davomida qalbaki xorijiy valyutalarni muomalaga chiqarishga uringan shaxslar ushlangandi. “Namangan-Toshkent” yo‘nalishida harakatlanayotgan, Toshkent viloyatining Chinoz tumanida yashovchi, 1978 yilda tug‘ilgan shaxs boshqaruvidagi Honda rusumli avtomashina Pop tumani hududida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilganda, unda qalbaki 4 ming AQSH dollari borligi ma’lum bo‘lgan.
Tergovga qadar tekshiruv davomida, u mazkur qalbaki valyutalarni kelgusida sotish maqsadida Yangiqo‘rg‘on tumanida yashovchi, 1971 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan fuqarodan 2200 AQSH dollariga sotib olganligi aniqlangan.
LiveBarchasi