Xorazm hokimi senatorlikka saylandi
Jamiyat
−
18 iyun 2023
5413Xorazm viloyati hokimi Jo‘rabek Rahimov Oliy Majlis Senati a’zoligiga saylandi. Bu haqda Markaziy saylov komissiyasi xabar berdi.
Joriy yilning 16 iyun kuni Urganch shahridagi viloyat musiqali drama teatri binosida xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlarining qo‘shma yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan. Unda Markaziy saylov komissiyasi Raisi Zayniddin Nizomxo‘jayev ishtirok etgan.
Saylov yashirin ovoz berish yo‘li bilan amalga oshirilgan va Xorazm viloyati hokimi Jo‘rabek Rahimov Oliy Majlis Senati a’zoligiga saylangan.
Ma’lumot uchun, Jo‘rabek Rahimov joriy yilning 31 mart kuni Xorazm viloyati hokimi lavozimiga tayinlangandi. Bungacha u 2022 yildan beri Xorazm viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi sifatida ishlab kelayotgan edi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 13 iyun kuni Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov, 15 iyun kuni esa Sirdaryo viloyati hokimi Akmal Mahmudaliyev Oliy Majlis Senati a’zoligiga saylangandi.