“Xonalarni zax bosgan”. Saida Mirziyoyeva Urgutdagi xaroba poliklinikaga bordi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva bugun, 18 dekabr kuni Samarqand viloyatining Urgut shahridagi chekka qishloqlaridan birida joylashgan “Navoiy” poliklinikasiga bordi. Bu haqda Mirziyoyeva o‘zining Telegram-kanalida yozib qoldirdi.

Prezident Administratsiyasi rahbariga ko‘ra, ushbu poliklinika 1972 yilda qurilgan va ta’mirga muhtoj.

“Urgutning chekka qishloqlaridan biridagi “Navoiy” poliklinikasida bo‘ldim. 1972 yilda qurilgan bino kapital ta’mirga, yangi standartlar va tibbiy xizmatlar sifatini oshirishga muhtoj”, deyiladi xabarda.

Qo‘shimcha qilinishicha, muassasa 13 mingdan ortiq aholi uchun birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatadi. 16 ta qishloqda yashovchi aholi uchun esa bu tug‘uruqni amalga oshira oluvchi eng yaqin va yagona tibbiyot maskani.

“Yuklama nihoyatda katta, sharoit esa izoh talab qilmaydi. Zax xonalarning kulrang oynalariga urilayotgan yomg‘ir tomchilari ham vaziyatni aks ettiryapti”, deya yozgan Mirziyoyeva.

Mirziyoyevaga ko‘ra, mutaxassislar bilan birgalikda viloyat sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish bo‘yicha yangi master-reja batafsil ko‘rib chiqilgan.

“Bu holat bitta poliklinikaning muammosi emas. Bu – birlamchi tibbiy xizmat tizimida mavjud bo‘lgan katta muammolarning aksi. Oldimizda diagnostika va davolash standartlarini takomillashtirish, kadrlar tayyorlash vazifalari turibdi. Mutaxassislar bilan birgalikda viloyat sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish bo‘yicha yangi master-rejani batafsil ko‘rib chiqdik.

Bu jarayon faqat binolarni ta’mirlash bilangina cheklanmaydi, balki birlamchi tibbiy-sanitariya tizimiga bo‘lgan yondashuv tubdan qayta ko‘rib chiqiladi. Bugun ko‘rganlarim shuni yana bir bor isbotladi: sog‘liqni saqlashdagi muammolarni faqat hisobot va hujjatlar asosida baholab bo‘lmaydi”, deya o‘z postini yakunlagan Saida Mirziyoyeva.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva kecha, 17 dekabr kuni “Samarqand – Urgut” yangi temiryo‘l liniyasida poyezd bilan Urgutgacha borgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Navoiy Saida Mirziyoeva Urgut

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing