Xomanaiy o‘lgan bo‘lishi mumkin – OAV
Olam
−
28 fevral 10848 3 daqiqa
Eron Oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy 2026 yil 28 fevral kuni ertalab Isroil aviatsiyasining yalpi zarbalari oqibatida halok bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Bu haqda Isroil nashrlari xabar berdi.
Islom Respublikasi Oliy rahbarining o‘limi haqidagi xabarlar Tehronning qaror qabul qilish markazlariga uyushtirilgan va mamlakat Oliy qo‘mondonligining amalda parokanda bo‘lishiga olib kelgan keng ko‘lamli hujum fonida paydo bo‘lgan.
“Eron Oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy yo‘q qilingan bo‘lishi mumkin”, deb xabar berdi “Isroil ovozi” o‘z manbalariga tayanib.
“Ynet” ma’lumotlariga ko‘ra, Xomanaiy ertalabki operatsiya davomida yo‘q qilingan yagona nishon emas. Kanal manbalari Isroil hujumlari oqibatida, shuningdek, Eron Mudofaa vaziri va Islom inqilobi muhofizlari korpusi qo‘mondoni ham halok bo‘lganini da’vo qilmoqda.
“Ushbu ma’lumotning rasmiy tasdig‘i yo‘q”, deydi nashr va faol jangovar harakatlar hududida ma’lumotlarni tekshirish davom etayotgani, biroq rejim rahbariyati bilan aloqa butunlay uzilganini qayd etgan.
AQSH–Isroil–Eron urushi
Bugun, 28 fevral kuni Isroil kutilmagan vaqtda Eronga qarata havodan zarbalar yo‘lladi. Ushbu zarbalar Eronning muhim ob’ektlari – Prezident qarorgohi, davlat idoralari va yadro inshootlariga tekkani iddao qilinmoqda. Eronning “Mehr” axborot agentligi Tehrondagi Eron razvedka binosiga ham hujum qilinganini yozgan. Isroil tomonidan start berilgan operatsiya “Yehuda qalqoni” deb nomlangan. Dastlabki manbalarga ko‘ra, Eronga o‘ttizdan ortiq raketalar yo‘llangan bo‘lishi mumkin.
Oradan biroz vaqt o‘tib Isroil Mudofaa kuchlari Eronga hujumni rasman tasdiqlagan. Shuningdek, Mudofaa vazirligi Isroil fuqarolaridan xavfsiz joyga yashirinishni so‘ragan. Mamlakatda shoshilinch ravishda favqulodda holat e’lon qilingan.
Shu orada AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron bo‘yicha operatsiyalar haqida 8 daqiqalik bayonot bergan va unda Eronga qilingan hujumda AQSHning ishtirok etganini tasdiqlagan. Uning qayd etishicha, Eronga qilingan harbiy opreatsiyalar Amerika xalqini himoya qilish uchun amalga oshirilmoqda. U o‘z bayonotida eronliklarni amaldagi tuzumni ag‘darishga chaqirgan. Tramp Eron harbiy xizmatchilariga taslim bo‘lishni va buning evaziga «immunitet» olishni taklif qildi yoki “muqarrar o‘lim”ni tanlashlari mumkinligini aytgan.
Qolaversa, barcha voqealarni bir chetdan kuzatib turgan Eron sobiq valiahd shahzodasi Rizo Pahlaviy ham Eron xalqiga murojaat qilib, mamlakat uchun hal qiluvchi lahzalar kelganini ta’kidlagan. Shuningdek, u bu so‘nggi jang ekanini va unfda Eron xalqi Islom Respublikasi tuzumi ustidan g‘alaba qozonishini ta’kidlagan.
Oradan ko‘p vaqt o‘tmay endi Eron Isroil davlati hududiga qarata zarba yo‘llashni boshladi.
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu ham hujumlarni tasdiqlab, bayonot bergan. Unga ko‘ra, Isroil va AQSHning Eronga qarshi qo‘shma operatsiyasi Eron terror rejimi keltirib chiqarayotgan tahdidni bartaraf etishga qaratilgan. Netanyaxu maxsus murojaatida so‘nggi 47 yil davomida Eron rahbariyati Isroil va AQSHga qarshi ochiq tahdidlar qilgan hamda mintaqada zo‘ravonlik siyosatini yuritganini aytgan.
Live
Barchasi