Sulh yoki tanaffus? Urush nega tugamaydi?

Tahlil

Vanihoyat, bir oydan oshiqroq vaqt davom etgan Yaqin Sharqdagi urush yakunlanish  arafasida turgandek go‘yo. Ma’lumki, joriy yilning 7 aprel sanasida ikki haftalik o‘t ochish harakatlari to‘xtatilgani e’lon qilindi. Oldinda turgan ikki hafta davomida mintaqaning kelgusidagi taqdiri hal etiladi. Tehron ham, Vashington ham buni o‘zlarining g‘alabasi sifatida har qancha “PR” qilmasin, hali buni to‘laqonli tinchlik sulhi deyishga erta. Buni chiqayotgan yangiliklar ham tasdiqlamoqda.

Tan olish lozimki, talablar jiddiy va tomonlarning hech biri yon berishni istamayotandek ko‘rinadi. Isroil faktori esa muammoni faqat chuqurlashtirmoqda. Mana shunday murakkab va chalkash bir vaziyatda kelgusida kutilayotgan otashkesimga erishiladimi degan savol hammani o‘ylantirishi tabiiy. Xo‘sh, endi nima bo‘ladi?

70 yillik dushmanlik

Bir oy. Oldingi urushlar bilan taqqoslanganda bu juda qisqa davrdek tuyuladi. Insoniyat yillar mobaynida davom etgan urushlarning shohidi bo‘lgan. 800 yilga yaqin davom etgan Rekonkista urushi, 680 yil davom etgan Rim-fors urushlari, Arauko urushlari, Jahon urushlari, xullas inson insonning qonini to‘kishdan hech qachon charchamagan. Odamzotning ibtidoiy davrida paydo bo‘lgan urushtashnalik bugun biz “zamonaviy” deb ta’riflaydigan jamiyatlar uchun ham xos bo‘lib qolmoqda.

Bugungi Yaqin Sharq mintaqasidagi mojarolar ham aslida bugun boshlangani yo‘q. Bu ziddiyatlarning ildizi o‘n yilliklar qa’riga, xususan, 1953 yilning avgustiga borib taqaladi. O‘shanda AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi (CIA) tomonidan amalga oshirilgan “Ayaks” operatsiyasi natijasida Eronning ilk demokratik yo‘l bilan saylangan Bosh vaziri Muhammad Musaddiq taxtdan ag‘darildi.

Musaddiqning asosiy “aybi” — mamlakat neft sanoatini natsionalizatsiya qilish va G‘arb korporatsiyalarining tekin boyishiga chek qo‘yish edi. Aynan shu nuqtadan boshlab Eron xalqining ongida AQSH — mustaqillikka raxna soluvchi “imperialistik kuch” sifatida muhrlandi. Hokimiyat tepasiga AQSH uchuh do‘st bo‘lgan Muhammad Rizo Pahlaviy olib kelindi.

Oradan 26 yil o‘tib, 1979 yilgi Islom inqilobi vaziyatni butunlay o‘zgartirdi. Shoh Pahlaviyning qochishi va Oyatulloh Xomeyniyning hokimiyatga kelishi AQSH uchun mintaqaning eng yirik davlatidagi “qo‘g‘irchog‘i”ni yo‘qotilishi bo‘ldi. 1979 yil 4 noyabrda Tehrondagi AQSH elchixonasining egallanishi va 52 nafar diplomatning 444 kun davomida garovda ushlab turilishi ikki davlat o‘rtasidagi diplomatik “ko‘priklarni” butunlay “yoqib yubordi”. Vashington 1980 yil 7 aprelda Tehron bilan munosabatlarni uzdi va bugungi kungacha davom etayotgan iqtisodiy sanksiyalar davrini boshlab berdi.

1980-1988 yillardagi Eron-Iroq urushida Oq uyning Saddam Husayn rejimini ochiqchasiga qo‘llab-quvvatlashi, 1988 yil 3 iyulda AQSH harbiy kemasi tomonidan Eronning yo‘lovchi samolyoti (IR655 reysi) urib tushirilishi va 290 nafar begunoh insonning halok bo‘lishi adovatni qaytmas nuqtaga olib keldi. Eron shundan so‘ng o‘zining “Mudofaa strategiyasi”ni o‘zgartirdi. Tehron o‘z chegarasidan tashqarida — Livan (Hizbulloh), G‘azo (Hamas), Yaman (Husiylar) va Iroqda proksi-guruhlar tarmog‘ini yaratib, “Qarshilik o‘qi”ni shakllantirdi.

21-asrga kelib, ziddiyat yadroviy va texnologik tus oldi. 2001 yil 11 sentyabr voqealaridan so‘ng Al-Qoida va Tehronning aloqalari ma’lum bo‘lgach, Bush ma’muriyati Eronga “yovuzlik manbayi” degan tamg‘a qo‘ydi. Eronning yadro dasturi esa AQSHning Eronga bosimlarini legitimlashtirdi. 2015 yilda imzolangan yadroviy kelishuv (JSPOA) 2018 yilda Donald Tramp tomonidan bir tomonlama bekor qilinishi iqtisodiy urushni yangi bosqichga olib chiqdi. 2020 yil 3 yanvarda Bag‘dod aeroportida general Qosim Sulaymoniyning o‘ldirilishi esa ikki davlatni to‘g‘ridan-to‘g‘ri harbiy to‘qnashuv ostonasiga keltirdi.

O‘tgan yilning iyun oyidagi Isroil va Eron o‘rtasida bo‘lib o‘tgan 12 kunlik urush va yakunda AQSHning “B-2” samolyotlari bilan Isfahon va Natanzdagi uranni boyitish markazlariga qilgan hujumlari hali hech kimning yodidan chiqmagan bo‘lsa kerak. Aynan shu voqealar Trampning ikkinchi prezidenlik davrida qasoskor Eron bilan harbiy to‘qnashuvni muqarrar qilib qo‘ygan edi.

Bugun, 2026 yilga kelib, bu qarama-qarshilik o‘zining kulminatsion nuqtasiga yetdi. Isroilning 2026 yil 28 fevralda boshlangan AQSH-Isroil qo‘shma operatsiyalari mintaqani navbatdagi beqarorlik davriga tortib ketdi. 

Yo‘qotishlar sarhisobi

So‘nggi eskalatsiya atigi bir oy davom etgan bo‘lsada, yo‘qotishlar hajmi anchayin katta.  Bugun nafaqat Tehron, balki Vashington ham o‘z yo‘qotishlarini sarhisob qilar ekan, bu urushning g‘olibi yo‘qligi, faqatgina qimmatga tushgan mag‘lubiyatlar borligi ayon bo‘lmoqda. Garchi tomonlar tan olmasada urush keltirgan talofatlar shu qadar kattaki, hech qanday usul bilan buni yashirib bo‘lmaydi.

Vashington uchun o‘tgan bir oy kutilmagan ijtimoiy va siyosiy zarbalar davri bo‘ldi. Avvalo, AQSHning Iroq va Suriyadagi harbiy bazalariga qilingan 120 dan ortiq dron va raketa hujumlari natijasida 15 nafardan ortiq harbiy xizmatchi halok bo‘ldi, 200 ga yaqini yaralandi.

Vashington uchun eng og‘riqli nuqta shubasiz iqtisodiy talofatlardir. Hormuz bo‘g‘ozidagi logistik inqiroz tufayli jahon bozorida neft narxi bir barrel uchun 115 dollardan oshib ketdi, bu esa AQSH ichki bozorida inflyatsiyani 4,8 foizga ko‘tardi. Vashingtonning Yaqin Sharqdagi ittifoqchilari, jumladan Iordaniya va BAA tomonidan bildirilgan ochiq e’tirozlar, AQSHning mintaqaviy gegemon sifatidagi tashqi bosimlarga dosh bera olmayotganini ko‘rsatdi. Pentagonning bir oylik harbiy xarajatlari qo‘shimcha 12 milliard dollarga yetdi, biroq bu mablag‘lar AQSHga to‘laqonli g‘alabani taqdim eta olmadi.

Urush fonida respublikachilar ma’muriyatining obro‘si keskin tushib ketdi. Oraliq saylovlar arafasida Tramp hukumatining mintaqadagi nazoratni yo‘qotishi va Isroilni jilovlay olmasligi ichki siyosiy qarama-qarshiliklarni kuchaytirdi va saylovchilarning ishonchini pasayishiga olib keldi. Xalqaro maydonda esa urush AQSH imijiga jiddiy zarar yetkazdi. Endi Vashington demokratiya yoyuvchi tinchlikparvar emas, qo‘rqitish, zo‘ravonlik va qurol kuchiga tayanuvchi kuch markazi sifatida ko‘rila boshlandi.

Eron uchun esa bu bir oy so‘nggi yigirma yillikdagi eng og‘ir yo‘qotishlar bilan tavsiflanadi. Isroilning “Eternal Darkness” operatsiyasi va AQSHning aniq yo‘naltirilgan zarbalari natijasida Eron Oliy rahabri Oyatulloh Ali Xomanaiyning halok bo‘lishi shubhasiz eng jiddiy yo‘qotish bo‘ldi. Bu bir vaqtning o‘zida eronliklar uchun katta judolik va tajovvuzkor raqib oldida birlashish uchun niqtov bo‘ldi deyish mumkin. Bundan tashqari Razvedka vaziri Ismoil Xatib, Xavfsizlik boshlig‘i va sobiq yadroviy muzokarachi Ali Larijoniy, Eron Qurolli Kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i Abdulrahim Musaviy, Mudofaa vaziri  Aziz Nosirzoda, Basij harbiylashtirilgan kuchlari qo‘mondoni G‘ulomrizo Sulaymoniy kabi yuqori lavozimli shaxslar bir kunda halok bo‘ldi.  Eron hukumat tizimi butunlay nogiron bo‘lib qoldi.  Nafaqat Eron rahbariyati balki, uning proksi kuchlariga ham jiddiy talafotlar keltirildi. Xususan, 2026 yilning 24 martida Suriyadagi koordinatsiya markazida general-mayor Ali Rizo Asgariy va bir necha yuqori lavozimli maslahatchilarning o‘ldirilishi Tehronning mintaqaviy “proksi” tarmog‘iga berilgan eng og‘ir zarba bo‘ldi.

Harbiy infratuzilmaga kelsak, Eronning Bandar-Abbos portidagi harbiy floti 40 foizga zaiflashdi. Isfahon va Natanzdagi uranni boyitish korxonalariga qilingan kiber va kinetik hujumlar Eron yadroviy dasturini kamida 18 oyga orqaga surgani aytilmoqda. Shuningdek, mamlakatning janubiy qismidagi ikkita yirik neftni qayta ishlash zavodi va raketa ishlab chiqaruvchi “Shahid Hemmat” sanoat majmuasi jiddiy talofat ko‘rdi. Eron riyali bir oy ichida dollarga nisbatan yana 22 foizga qadrsizlandi, bu esa aholi orasida ijtimoiy norozilik to‘lqinini yangitdan jonlantirdi.

Raqamlar shafqatsiz. Ba’zi mutaxassislarning aytishicha, bir oylik qisqa urush Yaqin Sharqni o‘n yillik taraqqiyotdan mahrum qildi. Ushbu mag‘lubiyatlar hisoboti shuni ko‘rsatadiki, navbatdagi yurish yanada qimmatroqqa tushishi muqarrar.
Tomonlar bugun “sulh” haqida gapirmoqda, biroq mutaxassislar ushbu ikki haftalik muddatni shunchaki “jarohatlarni bog‘lab olish uchun berilgan tanaffus” sifatida talqin qilmoqda. Vashington o‘zining siyosiy obro‘si va iqtisodiy barqarorligini, Tehron esa o‘zining harbiy elitasi va strategik zavodlarini boy berdi. Hormuz bo‘g‘ozi hamon muammoli hudud bo‘lib qolmoqda, bu esa jahon iqtisodiyotini xavotirda ushlab turishda davom etadi.

Vaqtinchalik sulh yoki strategik pauza?

Yaqin Sharqdagi so‘nggi keskinlik fonida erishilgan ikki haftalik sulh bir qarashda deeskalatsiya belgisidek ko‘rinadi. Ammo xulosa qilishga hali erta. Trampning 8 aprel sanasida qilgan genotsid tahdidi bu gal ish berdi. Ammo bu mohiyatan barqaror tinchlik emas, balki katta geosiyosiy to‘qnashuv oldidan yuzaga kelgan qisqa “strategik pauza”dir.

AQSHning 15 banddan iborat talablari, Eronning 10 banddan iborat so‘rovlari bilan mos kelmaydi. Kimdur yon bermasa o‘rtada murosa bo‘lishi qiyin. Negaki Eron bugun Vashingtonga kuch to‘plab olish uchun navbatdagi tanaffusni berishni emas, urushni butunlay to‘xtatishni, yadro dasturi bahonasida ichki ishlarga aralashilmasligini istamoqda. Sanksiyalar va bosimlar Eronni dunyodan ajratib qo‘ydi, endi Tehron bunga jim turmasligi aniq, unga rostakamiga global kafolat kerak.

Isroil esa mojaroni to‘xtashidan manfaatdor emas, aksincha Eronning Yaqin Sharqdagi qudratli aktor sifatida qolishi uning yakka hukmronligi va hududda xohlaganini qilishiga to‘sqinlik qiladi. Garchi AQSHning bosimi bilan Eronga qarshi o‘t ochishlarni to‘xtatgan bo‘lsada, Livandagi “Hizbuloh”ga qarshi hujumlarni davom ettirmoqda.  Bunga javoban Eron Hormuzni ochmaslik bilan tahdid qilmoqda. Natijada ko‘rfaz mamlakatlari  yana AQSHga bosim qiladi, bu esa sulh kelajagini so‘roq ostida qoldiradi. Bir so‘z bilan aytganda Isroil Eronni butunlay falajlash uchun harakat qilmoqda.

"Aniqlik kiritib qo‘yay: bizda hali bajarishimiz kerak bo‘lgan maqsadlar bor va biz ularga kelishuv orqali yoki yangi janglar orqali erishamiz. Biz istalgan vaqtda jangga qaytishga tayyormiz. Barmog‘imiz tepkida. Bu kampaniyaning oxiri emas, balki barcha maqsadlarimizga erishish yo‘lidagi bir qadamdir. Biz nafaqat mavjud raketalarni, balki ularni ishlab chiqaradigan zavodlarni ham yo‘q qildik. Eron hozirda o‘z zaxirasida qolganlarini o‘qqa tutmoqda va bu zaxiralar tobora kamayib bormoqda” deb bayonet beradi Isroil rahbari.

Bu kelishuv Donald Tramp uchun taktik yutuq bo‘ldi deyish mumkin. U harbiy eskalatsiyani cheklab, diplomatik manyovr qilish imkonini saqlab qoldi. Biroq strategik nuqtayi nazardan AQSHning mintaqadagi pozitsiyasi mustahkamlandi, deb aytish qiyin. Aksincha, Eronning muzokaralarda ma’lum darajada pozitsiya saqlab qolgani va hatto Hormuz bo‘g‘ozi bo‘yicha yangi ta’sir instrumentlariga ega bo‘lishi ehtimoli kuchlar muvozanati o‘zgarayotganini ko‘rsatadi. Hormuz bo‘g‘ozida kema qatnovining tiklanishi global energetika bozorini vaqtincha tinchlantirdi, lekin bu xavf butunlay bartaraf etildi degani emas. O‘zaro ishonchsizlik o‘ta yuqori, sulh xavf ostida.

Ayni paytda, Xitoyning sukunatiga qaramay, mojarodagi hal qiluvchi ishtiroki alohida e’tiborga loyiq. Ba’zi manbalar Eronni muzokara stoliga o‘tkazishda Pekinning o‘rni katta bo‘lgani, yopiq eshiklar ortida aynan Xitoy asosiy moderator bo‘lib turganini ta’kidlamoqda. Si Szinpin ma’muriyati an’anaviy geosiyosiy bosimdan ko‘ra iqtisodiy va texnologik bog‘liqlik orqali ta’sir o‘tkazish strategiyasini afzal ko‘rmoqda.

Muzokaralarning asosiy “quruvchi”si esa shubhasiz Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif bo‘lib turibdi. Aynan u tomonlar o‘rtasidagi diplomatik aloqalarni tiklashga urinmoqda. Mutaxassislarning aytishicha, dastlab vakil sifatida ishonchsiz qaralgan Pokiston erishilgan 2 haftalik kelishuvning asosiy tashkilotchisi deb ko‘rilmoqda.

“Cheksiz kamtarlik bilan shuni ma’lum qilamanki, Eron Islom Respublikasi va Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘z ittifoqchilari bilan birgalikda barcha hududlarda, jumladan Livan va boshqa joylarda darhol amal qiluvchi o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga kelishib oldilar.

Men ushbu oqilona qarorni samimiy qutlayman hamda har ikki davlat rahbariyatiga chuqur minnatdorchilik bildiraman. Shuningdek, ularning delegatsiyalarini barcha kelishmovchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha yakuniy bitim yuzasidan muzokaralar olib borish uchun 2026 yil 10 aprel, juma kuni Islomobodga taklif qilaman.

Har ikki tomon yuksak donolik va o‘zaro tushunish namoyish etib, tinchlik va barqarorlik yo‘lida konstruktiv hamkorlikni davom ettirdilar. Biz «Islomobod muzokaralari» barqaror tinchlikka erishishda muvaffaqiyat qozonishiga chin dildan umid qilamiz va yaqin kunlarda yanada xushxabarlar bilan bo‘lishishni niyat qilamiz!”, deb yozadi Pokiston rahbari o‘zining “X” sahifasida.

Garchi Pokiston ham Eron kabi islomiy  davlat bo‘lsa-da, Shahboz Sharif boshliq hukumat AQSHga ko‘proq moil hisoblanadi. Bosh vazirning Trampni “madh etuvchi” nutqlari o‘rtada neytral vakil bo‘lishini shubha ostiga oladi. Bu ham katta ehtimol bilan kelgusidagi muzokaralarda o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmaydi.

Biroq eng katta xatar hali ham saqlanib qolmoqda. Eron–Isroil qarama-qarshiligi va Eronning Ko‘rfazdagi arab qo‘shnilari bilan munosabatlari har qanday paytda yangi eskalatsiyaga sabab bo‘lishi mumkin. Har qancha ehtimoli past bo‘lmasin, harbiy va siyosiy charchoq tufayli bugun tomonlar balki bir necha oylik “ta’til”ga erishishi mumkindir, ammo Isroilning ham mintaqaviy gegemonlikka intilishlari to‘xtamaydi, Eron ham yadroviy dasturdan voz kechmaydi va bu mojaroning bu tarzda “yengil” hal bo‘lmasligini ko‘rsatadi. Shuning uchun bugungi sulhni inqirozning yechimi emas, ko‘proq uning keyingi bosqichiga o‘tish oldidangi tanaffus sifatida baholash mantiqan to‘g‘riroq.

Xulosa qilib aytganda, Yaqin Sharqda “status-kvo”ga qaytish ehtimoli deyarli yo‘q. Mintaqadagi geosiyosiy “tektonik plitalar” harakatga kelgan va yaqin yillarda yangi muvozanat shakllanishi muqarrar. Hozirgi sulh esa ana shu uzoq jarayonning faqat boshlanishidir.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Eron Donal'd Tramp Xitoy Tramp Pokiston Si Tszin'pin Yaqin Sharq Isroil Vashington Pekin Shahboz Sharif Oyatulloh Ali Xomanaiy Hormuz Aziz Nosirzoda Musaviy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing