Xomanaiy sulhdan keyin ilk bor ommaviy chiqish qildi

Olam

image

Bugun, 26 iyun kuni Eron oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy Isroil bilan sulh tuzilganidan keyin ilk bor omma oldida chiqish qilib, xalqini g‘alaba bilan tabrikladi. Bu haqda “Mehr” xabar berdi.

Xomanaiy o‘z murojaatida Eron xalqi va hukumatini AQSH hamda Isroil ustidan qozonilgan “g‘alaba” bilan tabriklagan.

“Fosiq sionistik tuzum ustidan qozonilgan g‘alaba bilan tabriklayman. Shovqin-suron va bayonotlariga qaramay, sionistik tuzum deyarli quladi va Islom Respublikasi zarbalari ostida tor-mor qilindi,” deydi u.

Oradan ko‘p o‘tmay, uning AQSH ustidan “g‘alaba” qozonilgani haqida aytilgan ikkinchi bayonoti ham e’lon qilindi.

“Sevimli Eronimizning Amerika rejimi ustidan g‘alabasi bilan sizlarni tabriklayman. Amerika rejimi bevosita urushga aralashdi, chunki u aralashmasa, sionistik tuzum butunlay yo‘q qilinishini his qildi. U uni qutqarish uchun aralashdi, lekin hech narsaga erisha olmadi,” deydi Eron yetakchisi.

Ushbu chiqishdan oldin Eron jamoatchiligida Xomanaiy bir haftadan buyon jamoatchilikka ko‘rinmayotgani va hech qanday bayonot bermayotgani fonida uning salomatligi va joylashuvi borasida xavotirlar ortib borayotgandi. Eron rasmiylarining aytishicha, u suiqasd xavfi sababli elektron aloqalardan butunlay uzilgan holda yer osti bunkeridan vaqtincha boshpana olgan.

Isroil bilan 12 kunlik Eron-Isroil mojarosi davomida Xomanaiy ikki marta bayonot bergan edi. Biroq AQSH tomonidan Eronning yadroviy ob’ektlariga hujum qilinganidan, Eron esa Qatardagi AQSH bazasiga zarba berganidan va Eron va Isroil o‘rtasida sulh e’lon qilinganidan so‘ng u hech qanday bayonot bermagandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq so‘nggi razvedka ma’lumotlariga tayanib, AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) direktori Jon Ratkliff Eronning yadroviy ob’ektlariga Amerika tomonidan uyushtirilgan zarbalar oqibatida jiddiy zarar yetkazilganini aytgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Eron Oyatulloh Ali Xomanaiy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing