Xomanaiy Xoniyaning o‘limi uchun Isroildan qasos olishga va’da berdi

Olam

image

Eron oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy HAMAS harakati Siyosiy byurosi rahbari Ismoil Xoniya Tehronda o‘ldirilgani uchun Isroil qattiq jazoga tortilishini aytdi. Bu haqda Xomanaiyning matbuot xizmati xabar berdi.

“Bu harakati bilan jinoyatchi va terrorchi sionistik rejim og‘ir jazoga sabab bo‘ldi va biz Eron Islom Respublikasi hududida shahid bo‘lgan shaxsning qoni uchun qasos olishni o‘z burchimiz deb bilamiz”, deydi Xomanaiy.

Uning ta’kidlashicha, HAMAS Siyosiy byurosi rahbari ko‘p vaqt oldin jang maydonida o‘zining qimmatli hayotini qurbon qilishga va bu yo‘lda ko‘plab qarindoshlari va do‘stlarini yo‘qotib, shahid bo‘lishga tayyor bo‘lgan.

“Xomanaiy Islom jamoatchiligi, qarshilik fronti, Falastinning jasur va mag‘rur xalqi, oilasi va omon qolgan oila a’zolariga hamdardlik bildirdi”, deyiladi matbuot xizmati xabarida.

G‘azo sektoridagi keskinlashuv 2023 yil oktyabr oyida boshlanganidan beri Isroil kuchlari G‘azo shahridagi Falastin guruhi yetakchisining oilasi istiqomat qilayotgan qochqinlar lageriga bir necha bor zarba bergan. Zarbalar oqibatida Xoniyaning uch o‘g‘li va to‘rt nabirasi, shuningdek, singlisi halok bo‘lgan.

Ma’lumot uchun, Ismoil Xoniya bugun ertalab Eron poytaxti Tehrondagi hujumda halok bo‘ldi. HAMAS harakati matbuot xizmati Isroil armiyasi harakat yetakchisi istiqomat qilayotgan mehmon uyiga havodan zarba berganini qayd etdi. Xoniya Tehronga Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyonning inauguratsiya marosimida qatnashgandi.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Turkiya Ismoil Xoniyaning Tehronda o‘ldirilganini keskin qoralagandi. Amerikaning “The Wall Street Journal” gazetasi Ismoil Xoniyaning Tehronda o‘ldirilishi Yaqin Sharq mintaqasida keskinlikning kuchayishiga olib kelishi mumkinligini yozdi.


Maqola muallifi

Teglar

Eron Isroil HAMAS Ismoil Xoniya Oyatulloh Ali Xomanaiy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing