Xoliqnazarov bir necha imomlarni ishdan oldi, qolganlariga “hayfsan” berdi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda 1 nafar viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbasari, 2 nafar tuman bosh imomi va 1 nafar imom-xatib ishdan olindi va 4 nafariga “hayfsan” intizomiy jazosi e’lon qilindi. Bu haqda O‘zbekiston Musulmonlari idorasi xabar berdi. 

Ma’lum qilinishicha, bugun, 28 fevral kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla Xoliqnazarov raisligida respublika diniy soha xodimlarining tanqidiy-tahliliy videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan.

Juda keskin va tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda 2022 yil davomida masjidlar imom-xatiblari, imom-noiblari, mudarrislar va otinoyilar tomonidan amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi. Shuningdek, ayrim diniy soha xodimlari tomonidan yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarni isloh qilish masalalari ko‘rib chiqilgan.

Yig‘ilish jarayonida mehnat intizomiga rioya etmagan, vazifasiga vijdonan yondoshmagan, mo‘min-musulmonlar ehtiyojini qondirishga jiddiy sa’y-harakat qilmagan va diniy soha xodimi maqomiga munosib bo‘lmagan 1 nafar viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbasari, 2 nafar tuman bosh imomi va 1 nafar imom-xatib ishdan olindi va 4 nafariga “hayfsan” intizomiy jazosi e’lon qilingan. Jumladan:

•    Surxondaryo viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosari Abdusalom Fatullayev;

•    Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumani bosh imomi va “Shoh Mashrab” masjidi imom-xatibi Hafizullo Zayniyev;

•    Samarqand viloyati Oqdaryo tumani bosh imom-xatibi Habibulla Abloqulov;

•    Xorazm viloyati Shovot tumani “Xo‘roz Eshon bobo” masjidi imom-xatibi Davronbek Ro‘zmetov egallab turgan vazifasidan ozod etilgan.

Shuningdek:

•    Jizzax viloyati bosh imom-xatibi Mehmonali Jabborov;

•    Jizzax shahar bosh imom-xatibi Faxriddin Shayzaqov;

•    Toshkent viloyati “Rahbar ota Akbar o‘g‘li” masjidi imom-xatibi Muhammadiy Rahmanov;

•    Farg‘ona viloyati So‘x tumani “Oftobro‘y” masjidi imom noibi Ilhomiddin Toirovga “hayfsan” intizomiy jazosi berilgan. 

Bundan tashqari, Toshkent shahri “al-Hudaybiya” masjidi imom noibi Shuhrat Ziyayev mehnat intizomiga rioya etmagani uchun chora sifatida boshqa ishga o‘tkazilgan.

Yig‘ilishda ish faoliyatdagi xato-kamchiliklar sababli o‘tgan yilda 25 nafar imom-xatib, 19 nafar imom-noibi va 2 nafar muhtasib vazifasidan ozod etilgani, shuningdek, 56 nafar imom-xatib va imom noibiga “hayfsan” intizomiy chorasi berilgani ma’lum qilingan.

“Muftiy hazrat tomonlaridan yig‘ilishda soha xodimlari tomonidan yoshlar ta’lim-tarbiyasiga jiddiy e’tibor qaratish, xalq bilan muloqot qilish, kitob mutolaasiga targ‘ib qilish, tahdidlarga qarshi kurashish, imom-xatiblar ijtimoiy tarmoqlarda chiqish qilish odobiga amal qilish va doimiy bilim saviyalarini oshirish yuzasidan tavsiya hamda ko‘rsatmalarni bayon etdilar”, deyiladi idora tarqatgan xabarda. 


Maqola muallifi

Teglar

Musulmonlar idorasi Nuriddin Xoliqnazarov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing